Islom taraqqiyot banki O‘zbekistonga 1,3 mlrd dollar ajratadi

Iqtisodiyot 14:28 / 18.09.2018 14926

Islom taraqqiyot banki (ITB) va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida 2018-2021 yillarda 1,3 milliard dollarlik yangi hamkorlik strategiyasi imzolandi. Bu haqda ITB prezidenti Bandar Hojar xabar berdi, deya ma'lum qilmoqda Kun.uz muxbiri.

«Bugun biz hukumat bilan 1,3 milliard dollarlik hamkorlik strategiyasini imzoladik. Ushbu mablag‘ turli yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimlanadi: transport, energetika, ta'lim va sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi sohalarida», - dedi Hojar jurnalistlarga.

Islom taraqqiyot banki rahbarining ta'kidlashicha, bank O‘zbekiston prezidenti va hukumati tomonidan tanlangan islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi. «Biz O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan tashabbuslarni hayotga tatbiq etishda ishtirok etayotganimizdan xursandmiz», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi u.

O‘zbekiston 2003 yil 3 sentabrda ITBning to‘laqonli a'zosi bo‘lgan. Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, ITB bilan hamkorlik davrida 926 mln dollarlik 17ta loyiha amalga oshirildi. Bugungi kunda 1 mlrd dollarlik 9ta loyiha amalga oshirish bosqichida turibdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Islom taraqqiyot banki prezidenti O‘zbekistonga kelgani xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: