Ilon Maskni eng band kishilardan deb atasa bo‘ladi. Tesla va SpaceX asoschisi va rahbari har ikkala kompaniya uchun haftasiga 100 soatga yaqin vaqt sarflaydi. Shu bilan birga farzandlari bilan vaqt o‘tkazish, mashqlar qilish va xobbi bilan shug‘ullanishni ham unutmaydi. Bariga qanday qilib ulguradi?
Tadbirkor Mayo Oshin Maskning biografiyasini o‘rgandi va u vaqtni bloklarga ajratishini aniqladi. Uning uslubi quyidagicha ishlaydi.
Ba'zilar Ilon Mask chalg‘imaslik bo‘yicha tabiiy bo‘lmagan qobiliyatga egaligini aytsa, boshqalar uni iqtidor egasi deb sanaydilar. Biroq uning taym-menejmenti tahsinga sazovor. U vaqtni bloklarga ajratadi.
Ilon Mask tongda soat 7 da uyg‘onganida uning kuni to‘liq rejalashtirilgan bo‘ladi. Vaqtining har bir besh daqiqalik bloki ish bilan band. Har bir ana shunday vaqt oralig‘ida Mask muayyan vazifani bajaradi. Masalan, xatlarga javob beradi, nonushta qiladi yoki ishga oid uchrashuvlarni belgilaydi.
Taym-menejment bo‘yicha mutaxassis Kevin Krusning tadqiqotlari eng samarali kishilar vazifalar ro‘yxati bilan emas, ana shu uslubdan foydalanishlarini ko‘rsatdi.
Ayrim vazifalar uchun (masalan, mana shu maqola qoralamasini yozish uchun) vaqtni 24 ta besh daqiqali bloklarga ajratish mumkin (ya'ni, jami ikki soat hosil bo‘ladi).
Afsuski, uslub oddiyligiga qaramay, kamchiliklarga ham ega. Masalan, ayrimlar har bir bo‘sh vaqtni rejalashtirish – o‘ta bir xil va mexanik mashg‘ulot deb hisoblaydilar. Biroq uslubning mohiyati ham ana shunda – sizning har bir bo‘sh daqiqangiz va harakatlar rejasi belgilangan. Qisqa vaqt oralig‘i esa ishni cho‘zib yuborishga yo‘l qo‘ymaydi. Boshqacha qilib aytganda, agar vaqtingiz oz bo‘lsa, yanada samaraliroq ishlashga harakat qilasiz.
Blok uslubining yana bir afzalligi bajarishingiz mumkin bo‘lgan ishlar varianti miqdorini kamaytiradi. Shu yo‘l bilan maksimal samaradorlik uchun o‘z kuchingizni mustahkamlaysiz.
Vaqt bloki uslubini qo‘llash
Oddiy uch qadam quyidagicha:
Qog‘ozni olib, uni ikkiga buklang. Chap ustunda har bir soat yoki besh daqiqalik blok uchun ikkita qator ajrating (sizga qay biri qulay bo‘lsa, o‘shani tanlang).
Har bir vazifani bajarish uchun sizga qancha vaqt zarur bo‘lishini o‘ylab ko‘ring. Keyin esa bu vazifalarni o‘ng ustunga muayyan vaqt blokiga yozing. Istagingizga qarab o‘ng ustunda qaydlarni yozish ham mumkin.
Har bir blok uchun kutilmagan ishlar va to‘g‘rilash imkoniyati uchun qo‘shimcha vaqt ajrating.
Tayyor. Bari juda oddiy.
Biroq ideal ko‘rinishda har kuni kechki payt kelasi kuni uchun mana shunday reja tuzishga 10 daqiqadan vaqt ajratish kerak bo‘ladi. Yana bir muhim jihat: ikkinchi qadamda kuchingizni yuqori baholab, ishni juda tez bajarishga umid qilmaslik kerak. Bunday xatoga yo‘l qo‘ymaslik uchun kundalik ishlarni bajarishda sizga qancha vaqt kerak bo‘lishini kuzatib borish kerak.
Yodingizda bo‘lsin, vazifaning ko‘lami qanchalik katta bo‘lsa, vaqt bloki uslubidan foydalanish qiyinroq kechadi. Kichik vazifalarni besh daqiqalik slotga sig‘dirish oson. Agar ko‘p vaqt talab etadigan ulkan vazifalaringiz bo‘lsa, ularni kichikroq vazifalar va bloklarga ajratishga harakat qiling.
Vanihoyat, chalg‘ituvchi omillar haqida unutmang. Buning uchun o‘z vaqt blokingizga uchinchi qadamda aytilganidek qo‘shimcha vaqt ajrating.
***
Har birimizda sutkasiga 24 soat mavjud. Ilon Mask kabi bu vaqt davomida ko‘proq vazifa bajarishga ulguradigan va buni eplay olmaydiganlarning farqi irsiyat va aql bovar qilmas qobiliyatlarda emas. O‘z vaqtini to‘g‘ri baholash va vaqt bloki kabi taym-menejmentning samarali vositalarida.
Uning maqsadi bir kun uchun rejalashtirilgan vazifalarning barini ideal darajada bajarishda emas. Maqsad – hayotni yaxshiroq nazorat qilish uchun rejalar tuzishga ishtiyoq oshirishda. Eng muhimi – vaqt bloki uslubi o‘tkazib yuborilsa, qaytarib bo‘lmaydigan vaqtni yaxshiroq boshqarishda bizga yordam beradi.