O‘zbekiston yevrobondlarni joylashtirishdan tushadigan mablag‘ni qanday sarflashi aytildi

Iqtisodiyot 15:55 / 13.09.2018 4343

O‘zbekiston yevrobondlarni joylashtirishdan tushgan mablag‘larni birinchi navbatda infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiradi. Bu haqda respublika Moliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Temur Malik Narziqulov ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Moliya vazirligi suveren obligatsiyalar emissiyasidan so‘ng, mablag‘larni asosan infratuzilma loyihalari uchun yo‘naltirishni rejalashtirmoqda», - dedi u bugun Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan «O‘zbekiston Respublikasi kapital bozori» xalqaro konferensiyasida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, moliyalashtirish uchun ustuvor yo‘nalishlar - arzon uy-joy, avtomobil yo‘llari qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash, ichimlik suv ta'minotini yaxshilash, shaharlarni obodonlashtirish. Olingan mablag‘lar strategik ahamiyatga molik boshqa investitsiya loyihalari uchun ham yo‘naltirilishi mumkin, deya qo‘shimcha qilib o‘tdi amaldor.

«Shuningdek, ko‘plab xorijiy ekspertlarda, ayniqsa OAVda suveren obligatsiyalar chiqarilishi byudjyet defitsitini qoplash uchun kerak bo‘lganiga doir tasavvur paydo bo‘lganini qayd etib o‘tish lozim. Shuni aytib o‘tmoqchimanki, bu holatda biz mablag‘larni ushbu maqsadlar uchun ishlatishni rejalashtirmayapmiz», - dedi Moliya vazirligi vakili.

 

Ko‘proq yangiliklar: