Apple yangi avloddagi iPhone smartfonlarini taqdim qildi

Fan-texnika 10:03 / 13.09.2018 29751

12 sentabrda Apple an'anaviy ravishda yangi qurilmalari taqdimotini o‘tkazdi. Taqdimot Stiv Jobs nomidagi teatrda bo‘lib o‘tdi. Kutilganidek, kompaniya iPhone’ning uchta yangi modeli – iPhone XS, XS Max va XR’ni taqdim qildi. Quyida ular bilan tanishtirib o‘tamiz.

iPhone XS va iPhone XS Max

Foto: Apple
Foto: Apple

Taqdim qilingan barcha yangi modellarda iPhone X dizayni saqlanib qolgan. 

iPhone XS 5,8 dyyumli va 2436x1125 pikselli ekran, iPhone XS Max esa 6,5 dyuymli va 2688x1242 pikselli ekran oldi. Shu tariqa, iPhone XS Max modeli iPhone qatoridagi eng katta o‘lchamli smartfonga aylangan. 

Foto: Apple

iPhone XS va XS Max 6 yadroli A12 Bionic protsessorida ishlaydi. Bu protsessor 7-nm li texnologik jarayonda bajarilgan ilk chiplar bo‘ldi. Kompaniyada ta'kidlanishicha, ushbu protsessor dasturlarga iPhone X’dagidan 30 foiz tezroq ishlashga imkon beradi. Shuningdek, yangi smartfonlar takomillashgan 4 yadroli grafik protsessorlar bilan jihozlanadi. 

Foto: Apple

Smartfonlar 12 Mpli, optik barqarorlashtirgich, 2 karra optik va 10 karra raqamli kattalashtirgichga ega asosiy qo‘sh kamera bilan jihozlangan. Kamera bir qator o‘zgartirishlar evaziga turli vaziyatlarda sifatli foto va video olishni ta'minlaydi. Qurilmalarning old kamerasi 7Mpli bo‘lib, portret rejimida suratga olishni qo‘llab-quvvatlaydi. 

Foto: Apple
Foto: Apple

Qurilmalarni blokdan chiqarish uchun yuzni tanish tizimi Face ID’ning takomillashgan versiyasidan foydalaniladi. Bundan tashqari, ikkala smartfon IP 68 standarti bo‘yicha namlik va changdan himoya bilan ta'minlangan, bu esa qurilmaga 2 metr suv ostida yarim soat ostida hech qanday asoratlarsiz qolish imkonini beradi. 

Ushbu smartfonlar iPhone qatorida ikkita SIM-karta sloti oladigan ilk qurilmalar bo‘ldi. Biroq bu smartfonlarning 2 sim-kartali versiyasidan faqat Xitoyda foydalanish mumkin bo‘ladi. Qolgan davlatlarda smartfonning virtual eSIM’ni qo‘llab-quvvatlovchi versiyasi taklif qilinadi.   

Foto: Apple

Qurilmalar kumushrang, qoramtir va tillaranglarda 64, 256 va 512 Gb xotira bilan taqdim qilinadi. Narxlarga keladigan bo‘lsak, iPhone XS 999 dollardan, iPhone XS Max esa 1099 dollardan boshlab taklif qilinadi. 

iPhone XR

Taqdimotda namoyish qilingan uchinchi modelga kelsak, iPhone XR arzonroq, 6,1 dyuymli va 1792x828 pikselga ega LCD-displeyli hamyonbop smartfon sifatida taqdim qilingan. Smartfon korpusi alyuminiydan ishlangan. iPhone XS va XS Max esa zanglamaydigan po‘latdan ishlangan ramka va oynavand orqa panelga ega.

Foto: Apple

Smartfon qolgan ikki model kabi A12 Bionic protsessori bilan jihozlangan, biroq pastroq darajadagi IP 67 standarti bo‘yicha chang va namdan himoyaga ega. Qurilmaning ichki xotirasi 64, 128 yoki 256 Gbni tashkil qiladi. 

Qurilma ham Face ID va 7 Mpli old kamera olgan. Smartfonning asosiy kamerasi 12 Mpli moduldan iborat. Kompaniyada ta'kidlanishicha, bu kamera iPhone qatori tarixidagi eng yaxshi bittalik kameradir. 

Foto: Apple

iPhone XR 6 ta rangda taklif qilinadi: oq, qora, ko‘k, sariq, qizil va korall. Smartfon bozorga 26 oktabrda 749 dollarlik narx bilan chiqariladi. 

Bundan tashqari, taqdimotda yangi Apple Watch Series 4 “aqlli” soati taqdim qilingan. Qurilma 40 va 44 mmli ekranli versiyaga ega. Soat yangi siferblat va kuchliroq dinamik, kuchliroq protsessor s4 bilan jihozlangan. Shuningdek, soatning akselerometri yaxshilangan. Endi u soat egasining yiqilganini aniqlab, u bir daqiqa davomida yerda harakatsiz yotsa, avtomatik ravishda tez yordamga qo‘ng‘iroq qiladi. Soat foydalanuvchi elektrokardiogrammasini oluvchi funksiya bilan ta'minlangan. Soat narxi 463 dollardan boshlanadi.

Foto: Apple

Taqdimotda, shuningdek, simsiz quloqchinlar AirPods 2, simsiz quvvatlash qurilmasi AirPower ham namoyish qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: