O‘zbekistonga Shanhay siyosiy-huquqiy komissiyasining bosh kotibi Cheng In boshchiligidagi Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasi tashrif buyurdi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Tashrif doirasida Toshkent shahar hokimiyatida mazkur delegatsiya vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilib, xitoyliklar tomonidan baliqchilik, quruq mevalar va yong‘oq yetishtirish bo‘yicha takliflar va bir qator loyihalar taqdim etildi.
Uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat iqtisodiyotining asosiy tarmoqlari bo‘yicha hamkorlik amalga oshirilayotgani, uzoq muddat davomida tovar aylanmasini 20 milliard AQSh dollarigacha oshirish ko‘zda tutilganligi ta'kidlandi.
O‘zbekistonda xitoylik sarmoyadorlar ishtirokida 700 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Toshkentda «O‘zbekiston-Xitoy savdo uyi» ochildi va Xitoy sanoat va tijorat korxonalari assotsiatsiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, hokimiyat vakillarining e'tirof etishicha, 1994 yilda Toshkent va Shanhay birodarlashgan shaharlar bo‘lgan va 2019 yilda ushbu muhim voqeaning 25 yilligi nishonlanadi. Uchrashuv yakunida xitoylik mehmonlarga Toshkent shahar hokimiyati ular taqdim etgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashi va ushbu tashrif o‘zbek-xitoy aloqalarining yanada rivojlanishiga xizmat qilishini alohida ta'kidlab o‘tishdi.