Toyota Motor kompaniyasi butlovchi qismlar yetkazib berilishida uzilishlar bo‘lishi mumkinligi sababli 10 sentabrdan Yaponiyadagi 18 ta zavodidan 16 tasining ishini to‘xtatadi. Bu haqda NHK telekanali ma'lum qildi.
Bu qaror 5 sentabrdan 6 sentabrga o‘tar kechasi Xokkaydo orolida yuz bergan 6,7 magnitudali zilzila oqibatlari bilan bog‘langan. Ta'kidlanishicha, tabiiy ofat sababli kompaniyaning Tomakomai shahridagi, uzatmalar qutisi ishlab chiqariladigan zavodida elektr ta'minoti o‘chib qolgan. Kompaniya ushbu nosozlikning Yaponiyada avtomobillar ishlab chiqarilishiga ta'sirini baholab, zavodlarining qayta ishlashga tushirilishi bo‘yicha qarorni 11 sentabrdan keyin qabul qiladi.
Kompaniyaning ishlab chiqarish sikli o‘tgan hafta boshida Yaponiyaning g‘arbiy qismiga yopirilgan to‘fon sababli ham izdan chiqqan. O‘shanda kompaniya jabrlangan hududdagi bir nechta zavodida kechki smenalarni bekor qilishiga to‘g‘ri kelgan.
Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Xokkaydodagi zilzila oqibatida kamida 17 kishi halok bo‘lgan, 300 dan ko‘proq kishi yaralangan, 26 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.