Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Hujjatda aytilishcha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 20 avgustdagi “Namangan” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5517-sonli Farmoniga muvofiq Namangan viloyati Chust tumani hududida “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilgan.
Boshqaruv xodimlari soni 4 nafardan iborat bo‘lgan “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasi tashkil etiladi. Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashiga Direksiyaning tasdiqlangan tuzilmasiga va xodimlari soniga investitsiyalar hajmi va erkin iqtisodiy zona hududida joylashtirilgan investitsiya loyihalari soniga bog‘liqlik asosida o‘zgartirishlar kiritish huquqi beriladi.
“Namangan” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasi Namangan viloyati, Chust shahri, Charag‘on ko‘chasi, 1-uy manziliga joylashtiriladi.
“Namangan” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasining ustaviga ko‘ra, “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini, shu jumladan, “Namangan” EIZni rivojlantirish davlat dasturlarining to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishini, “Namangan” EIZ hududida alohida huquqiy rejimga rioya etilishini ta'minlash yo‘li bilan tezkor boshqarish, shuningdek “Namangan” EIZ hududidagi xo‘jalik faoliyati qatnashchilariga xizmatlar ko‘rsatishdan hamda ushbu Ustavda nazarda tutilgan boshqa ishlar (xizmatlar)ni bajarishdan (ko‘rsatishdan) foyda olish Direksiya faoliyatining asosiy maqsadi hisoblanadi.
Quyidagilar Direksiya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi:
“Namangan” EIZ qatnashchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ularning reyestrini yuritish, ularga tegishli guvohnomalar berish;
“Namangan” EIZ hududida “Namangan” EIZ qatnashchilari hisoblanmaydigan boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar hisobini yuritish;
belgilangan tartibda tanlangan investorlar bilan Namangan viloyati erkin iqtisodiy zonalari va kichik sanoat zonalari Ma'muriy kengashi (keyingi o‘rinlarda Ma'muriy kengash deb ataladi) qarorlariga muvofiq “Namangan” EIZ hududida investitsiyalash to‘g‘risida bitimlar,
“Namangan” EIZ hududidagi davlat mulki bo‘lgan faoliyat ko‘rsatmayotgan tashkilotlarni va mol-mulkni nulga teng xarid qiymati bo‘yicha sotish to‘g‘risida takliflar kiritish;
belgilangan tartibda tanlangan investorlar tomonidan o‘z zimmasiga qabul qilgan majburiyatlarning zarur darajada bajarilishini nazorat qilish, keyinchalik uning natijalarini Ma'muriy kengashga taqdim etish;
“Namangan” EIZ hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun xorijiy va mahalliy investorlarni qidirish va jalb etish;
ishlab chiqilgan “Namangan” EIZ bosh rejasi va Ma'muriy kengash qarori bilan ma'qullangan investitsiya loyihalarini joylashtirish;
“Namangan” EIZ hududida joylashgan davlat mulki bo‘lgan ko‘chmas mulk obektlarini Direksiyaga berilgan vakolatlar doirasida boshqarish;
“Namangan” EIZ qatnashchilariga investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish, tashkilotlarni ishga tushirish va ularning faoliyati uchun zarur bo‘lgan infratuzilma (elektr energiyasi, gaz va suv ta'minoti, kanalizatsiya, kirish yo‘llari va boshqalar) bilan ta'minlash bilan bog‘liq masalalarni hal etishda ko‘maklashish;
“Namangan” EIZ qatnashchilariga, shu jumladan davlat organlarida ularning manfaatlarini ifodalash yo‘li bilan xizmatlar ko‘rsatish;
Ma'muriy kengash vakolatlariga kiruvchi masalalar bo‘yicha uning majlislarida ko‘rib chiqish uchun materiallar tayyorlash;
“Namangan” EIZ faoliyatini tezkor boshqarish bo‘yicha boshqa funksiyalarni amalga oshirish.
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida ushbu Ustavda nazarda tutilgan tegishli faoliyat turining litsenziyalanishi zarurligi belgilangan taqdirda, Direksiya faoliyatning ushbu turini litsenziya olmasdan, tegishli litsenziyalovchi organ bilan tuzilgan litsenziya bitimi asosida amalga oshirishga haqlidir.