Savdo-sotiq, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, migratsiya, kommunikatsiya va transport infratuzilmasidan birgalikda foydalanish orqali xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasining iqtisodiy rivoji uchun juda muhim ahamiyatga ega. Bu aloqalar firma va kompaniyalarga bilim hamda texnologiyalarni yetkazish orqali yanada samarali faoliyat yuritishga yordam berib, bir-birini to‘ldiradi. Jahon bankining yangi "Eng muhim aloqalar: Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasining iqtisodiy o‘sishi hamda barqarorligini ta'minlash" nomli ma'ruzasida shu haqida so‘z yuritiladi.
Ma'ruzada turli davlatlararo aloqa turlarining iqtisodiy o‘sishga ta'siri tahlil qilinadi, bundan maqsad - Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi hukumatlarga ularning rivoji natijasida olinadigan iqtisodiy foydani maksimallashtirishga ko‘mak berish.
"Taqdim etilgan ma'ruzaga ko‘ra, iqtisodiy integratsiya va aloqalar turli davlatlarda bilimlarning keng tarqalishi va daromadlarning o‘sishiga olib keladi. Bundan ayniqsa mintaqaning eng kam rivojlangan mamlakatlarining 40 foizi yutishi mumkin", - deydi Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi boshqarmasi bosh iqtisodchisi Xans Timmer.
Jahon bankining yangi ma'ruzasida bir necha jarayonlar (tashqi savdo, mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi, davlatlar o‘rtasidagi migratsion aloqalar, axborot va kommunikatsion texnologiyalarning o‘zaro bog‘liqlik darajasi, mamlakatlararo transport aloqalari)ni baholashga asoslangan yangi indikator - Ko‘p o‘lchovli o‘zaro bog‘liqlik indeksini yaratish yo‘li bilan davlatlararo aloqalar baholanadi.
Ma'ruzada qayd qilinishicha, Yevropa va Markaziy Osiyo submintaqalari orasida G‘arbiy Yevropa eng rivojlangan aloqalarga ega, undan keyin esa - Shimoliy, Markaziy va Janubiy Yevropa. G‘arbiy Bolqon, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘zaro bog‘liqlikning eng past ko‘rsatkichiga ega.
Yevropada ko‘p mamlakatlar o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yishning turli shakllarini qo‘llashadi va bu kuchli ishlab chiqarish zanjirlarining rivojlanishiga sabab bo‘ladi, natijada esa mehnat unumdorligi va iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari oshdi.
So‘nggi yillardagi yaqinlashuvga doir sa'y-harakatlarga qaramay, Markaziy Osiyo davlatlari hanuz dunyoning eng kam o‘zaro aloqa qiluvchi mamlakatlari bo‘lib qolmoqda. Bu mamlakatlar o‘zining geografik joylashuvi va infratuzilma bilan bog‘liq muammolar sabab mintaqadagi qo‘shni davlatlar hamda jahon iqtisodiyoti bilan u qadar yaxshi aloqalarni yo‘lga qo‘ymagan.
Markaziy Osiyo, Yevropa va Sharqiy Osiyo o‘rtasidagi katta masofalar avvalgidek munosabatlar o‘rnatish yo‘lida to‘siq bo‘layotgan bo‘lsa-da, infratuzilmaga investitsiyalar kiritish va o‘zaro savdo-sotiq, infratuzilma va investitsiyalarni rivojlantirish orqali integratsiyani chuqurlashtirish siyosati Markaziy Osiyo davlatlarining dunyoning boshqa mamlakatlari bilan aloqalarini mustahkamlash uchun xizmat qiladi.
Jahon bankining O‘zbekistondagi faoliyatiga doir qo‘shimcha ma'lumotni quyidagi havola www.vsemirnyjbank.org/ru/country/uzbekistan hamda ijtimoiy tarmoqdan www.facebook.com/WorldBankUzbekistan/ olish mumkin.
Jahon banki vakolatxonasi manzili:
Amir Temur ko‘chasi, 107 B, Xalqaro biznes markazi, 15-qavat
Toshkent, O‘zbekiston, 100084
Tel: +998 71 1202400
El. pochta: tashkent@worldbank.org