Janubiy Koreyada joriy yil oxirida ilk tijoriy 5G tarmoq ishga tushiriladi

Fan-texnika 08:43 / 05.09.2018 2675

Smartfonlar va telekommunikatsiya qurilmalari ishlab chiqaruvchi kompaniyalar 5-avloddagi tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlovchi qurilmalarni faol ravishda ishlab chiqish bilan shug‘ullanmoqda, aloqa operatorlari esa tijoriy 5G tarmog‘ini yaqin yillarda ishga tushirishni va'da qilishmoqda. Ko‘rinishicha, foydalanuvchilar 5G tarmoqning barcha ustunliklarini baholay oladigan ilk davlat Janubiy Koreya bo‘ladi.

Gizchina resursining ma'lum qilishicha, Janubiy Koreyaning uchta yirik aloqa operatori –SKT, KT va LG U+ joriy yilning 1 dekabrida ilk tijoriy 5G tarmog‘ini ishga tushirmoqchiligini e'lon qildi.  

Kompaniyalarda ta'kidlanishicha, loyihani amalga oshirishning ilk bosqichida tarmoq Seul atrofida ishlaydi va ma'lumotlarni 1 Gbit/soniya tezlikda uzatishni ta'minlaydi.

Aytish joizki, ayni vaqtda bozorda 5G’ni qo‘llab-quvvatlovchi qurilmalar taqdim qilinmagan. Prognozlarga ko‘ra, ularning ommaviy savdosi 2021 yildagina boshlanadi, 2022 yilda esa 18 foiz smartfonlar 5-avloddagi tarmoqni qo‘llab-quvvatlay oladi. 

Avgust boshida Motorola kompaniyasi o‘zining flagman smartfoni Moto Z3’ni taqdim qildi. Uning egalari qurilmani 5G tarmoqni qo‘llab-quvvatlaydigan qilib o‘zgartirishlari mumkin. Bunday imkoniyatni smartfon bilan birga taqdim qilingan 5G Moto Mod orqa paneli beradi. U ulanganda smartfon 5G tarmoqlariga ulana oladi hamda 2000 mA-soat hajmdagi qo‘shimcha batareya bilan ta'minlanadi. 

Ko‘proq yangiliklar: