WhatsApp’ga yuboriladigan fotosuratlar va hujjatlar tahdid ostida qoldi

Fan-texnika 08:49 / 05.09.2018 3904

Jinoyatchilar WhatsApp’dagi chatlardan fotosurat hamda hujjatlarni o‘g‘irlash imkonini beradigan, Viber ommabop messenjeriga o‘xshash josuslik dasturiy ta'minotini tarqatmoqda. Bunday zararli dasturiy ta'minot tarqalayotgani haqida ESET kompaniyasi ogohlantirdi.

Soxta Viber Android bazasidagi qurilmalarga hujum qiladi. Uni ESET’ning xavfsizlik bo‘yicha mutaxassisi Lukas Stefanko Google Play ilovalar do‘koniga o‘xshash saytdan topdi. Soxta resurs «Tahririyat tanlovi» belgisi yordamida ilovani tavsiya qildi. Ta'kidlanishicha, soxta Viber’ni 500 milliondan ortiq foydalanuvchi yuklab olgan, unga xuddi Google Play’dagi asl ilova kabi, foydalanuvchilarning 4,3 o‘rtacha bahosi berildi.

Smartfon yoki planshetga o‘rnatish chog‘ida dastur aloqalar, qo‘ng‘iroqlar va xabarlarga kirish uchun ruxsat huquqini, shuningdek, SD-kartada kontent bilan operatsiyalar va audiofayllar yozish imkonini so‘raydi. Shu tariqa, zararli dastur WhatsApp va WeChat chatlaridan yuboriluvchi barcha mediafayllar hamda hujjatlarni, qurilma xotirasidan fotosuratlar va yuklangan fayllarni o‘g‘irlashi mumkin, shuningdek, telefon qo‘ng‘iroqlarini yozib oladi.

Axborot xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislar mashhur ilovalarni faqat Google Play'dan yuklab olish kerakligi haqida ogohlantirmoqdalar. O‘rnatish chog‘ida ruxsat so‘rovlarga jiddiy e'tibor qaratish, shuningdek, boshqa foydalanuvchilar baholarini tekshirish va qoldirilgan izohlarni o‘qish tavsiya etiladi. Bundan tashqari, qurilmaga virusga qarshi dasturlarni o‘rnatish kerak. 

Ko‘proq yangiliklar: