Toyota kompaniyasi butun dunyo bo‘ylab bir milliondan ortiq Prius va C-HR rusumli avtomobillarini yong‘in chiqish ehtimoli sababli qaytarib olmoqchi, deb yozadi The Wall Street Journal.
Kompaniya rahbariyati ushbu nuqson 2016-2018 yillarda ishlab chiqarilgan Prius, Prius Prime va C-HR rusumidagi avtomobillarda aniqlanganini bildirgan.
Avtomobillar butun dunyo bo‘ylab qaytarib olinadi. AQShdan eng ko‘p – 192 ming dona mashina qaytariladi. Qayd etilishicha, barcha mashinalar bepul ta'mirlab beriladi.
Toyota 2018 yilda o‘z avtomobillarini qaytarib olishi haqida birinchi marta e'lon qilayotgani yo‘q. May oyida Rossiyadan 7,6 ming mashina, jumladan Lexus avtomobillari xavfsizlik yostiqchasidagi nuqson sababli qaytarib olingandi. Avgustda xuddi shu sabab bilan Rossiyadan yana 20 ming va Xitoydan 181,8 ming dona mashina qaytarib olinishi ma'lum qilindi.