BMW kompaniyasi ishlab chiqarilishi 2020 yilda boshlanadigan iX3 elektr krossoveriga buyurtmalar qabul qilishni boshladi. Birinchi bo‘lib bu imkoniyatni norvegiyaliklar qo‘lga kiritishdi: ular 15 ming kron evaziga navbatga yozilishlari mumkin.
BMW iX3 elektr krossoveri bahorda Pekinda namoyish etilgan prototipga asoslanadi. Kontsept-kar oddiy X3’ning modernizatsiyalashgan platformasi asosida quriladi hamda elektromotor, uzatmalar qutisi va elektron jihozlarni o‘zida birlashtirgan eDrive bilan jihozlanadi.
BMW iX3 elektr krossoverining motori 272 ot kuchiga ega, batareyalar bloki hajmi 70 kilovatt-soatdan ortiq. iX3 bir marta quvvatlanib 400 kilometrgacha yo‘l bosishi mumkin. Akkumulyatorlar 150 kilovattli stansiyalarda quvvatlantiriladi va 30 daqiqa ichida to‘liq quvvat oladi.