Foydalanuvchilar Samsung Galaxy S7 smartfonlari uchun chiqarilgan Android 8.0 Oreo yangilanmasi (proshivka) qurilmalarni ishdan chiqarayotganidan shikoyat qilishmoqda. Shikoyatlar dastlab yangilanma boshqa davlatlardan ko‘ra ertaroq chiqqan Janubiy Koreyadan bildirila boshlangan.
Bu modeldagi smartfonlarga yangi dastur o‘rnatilgach, qurilmalar o‘z-o‘zidan o‘chib, qayta yuklana boshlagan, ba'zilari esa umuman yoqilmay qo‘ygan.
Galaxy S7 egalaridan biri yangilanmani olgandan va qurilma muntazam o‘chib yoqila boshlagandan so‘ng qizib o‘chib qolganini ma'lum qilgan. Foydalanuvchi servis markaziga murojaat qilgach, unga ishdan chiqqan bosh platani almashtirganlik uchun 180 dollarlik haq taqdim qilingan. Ta'kidlanishicha, bunday holatlar ko‘plab yuz bermoqdda.
Samsung ushbu muammodan xabardor bo‘lib, biroq uning sababini aniqlay olmayapti. Mutaxassislar smartfonlaridagi operatsion tizimni yangilamay turishni tavsiya qilishmoqda.
Avval shunga o‘xshash muammo Xiaomi smartfonlari bilan kuzatilgan va kompaniya Android 8.1 yangilanmasidan voz kechgan.