2018 yilning avgust oyida tovar va xizmatlar narxlari darajasi o‘rtacha 0,3%ga oshdi (yanvar oyida inflyatsiya 2,7%, fevralda 1,1%, mart oyida 1,1%, aprelda 0,9%, may oyida 0,8%, iyun va iyul oylarida deflyatsiya 0,4% va 0,3%). Joriy yilning yanvar-avgust oylari davomida inflyatsiya darajasi 6,2%ni tashkil qildi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.
Iste'mol bozoridagi narxlar yanvar oyida sezilarli darajada qimmatlashdi (2,7%). Iyun va iyul oylari davomida ichki iste'mol bozorlarining qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan to‘yinishi natijasida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari darajasi hamda umumiy inflyatsiya darajasining pasayishiga o‘z ta'sirini o‘tkazdi.
Kuzatuv natijalariga ko‘ra oy davomida tovarlar narxi o‘rtacha 0,3% va xizmatlar 0,4% qimmatlashganligini joriy yilning avgust oyidagi narxlar tendensiyasini «tovar va xizmatlar narxlarining bir maromda o‘sishi», deya tavsiflash mumkin.
Yillik inflyatsiya tahlil natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki (o‘tgan yilning mos oyiga nisbatan), mamlakat iqtisodiyotiga nisbatan inflyatsiya bosimining eng yuqori darajasi joriy yilning yanvar oyi (20,1%) hissasiga to‘g‘ri keladi va keyingi oylardan boshlab ushbu tendensiya aksincha, ya'ni, pasayish tomon harakatlanganligini ko‘rish mumkin.
Joriy yilning yanvar-avgust oylarida inflyatsion trendlarga ta'sir ko‘rsatgan asosiy omillar orasida quyidagilarni alohida qayd etish mumkin:
mavsumiylik hamda iqlim sharoitlari ta'sirida meva va sabzavot guruhi mahsulotlari, shuningdek, sutli mahsulotlar, tuxum hamda parranda go‘shti narxlarining o‘zgarishi;
import mahsulotlari bilan ichki bozorlarning to‘yinganligi (masalan, shakar va o‘simlik moyi);
yem-xashak (chorva ozuqalari) narxlarining ko‘tarilishi natijasida chorva mollarining qimmatlashishi, shuningdek aholi tomonidan mol go‘shti mahsulotlariga bo‘lgan talabning ortishi;
guruch narxlarining qimmatlashishi iste'mol bozoridagi ushbu mahsulot hajmining kamayishi hamda ishlab chiqaruvchilar va sotuvchi tadbirkorlar tomonidan mavsumiy qurg‘oqchilik, shuningdek, sholi ekin maydonlarining qisqartirilishi oqibatida kutilayotgan taxminlar;
miliy valyuta qiymatining mustahkamlanishi hamda bir qancha tashqi savdo omillari natijasida import qilinuvchi mahsulotlar va ayrim turdagi xizmatlar narxlari, shuningdek, inflyatsiya darajasining oshib ketmasligiga sezilarli darajada ta'sir ko‘rsatganligi (havo transporti xizmatlari shular jumlasidandir);
qurilish materiallari narxlarining qimmatlashishi ishlab chiqaruvchi mahalliy tadbirkorlar o‘z mahsulotlari narxlarini oshirishlari natijasida vujudga keldi va bu o‘z navbatida iqtisodiyotga nisbatan inflyatsiya bosimining ortishi bilan bir qatorda uning o‘sishiga 0,8% (yoki, o‘tgan 8 oy davomida inflyatsiyadagi umumiy ulushi miqdori 12,9%) darajada ta'siri;
ishlab chiqaruvchilar xarajatlarining oshishi natijasida ma'muriy jihatdan tartibga solinuvchi kommunal sohasidagi xizmatlar narxlari qimmatlashdi. Bu o‘z navbatida mamlakatdagi inflyatsiya darajasiga bevosita va bilvosita ta'sir etdi (umumiy inflyatsiya darajasidagi ta'sir ulushi 0,8%);
yoqilg‘i-moylash mahsulotlari bozorida shakllanayotgan holatlar natijasida aholiga avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari orqali sotiluvchi metan va propan narxining sezilarli darajada qimmatlashishi umumiy inflyatsiya darajasining 0,4% ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi;
eng kam oylik ish haqi miqdorining oshirilishi ham umumiy inflyatsiya darajasiga o‘z hissasini qo‘shishi bilan bir qatorda, uning inflyatsiyaga bevosita (EKIH miqdoriga bog‘liq bo‘lgan xizmatlar: huquqiy tusdagi, alohida turdagi bank xizmatlari, veterinariya xizmatlari va x.k.) hamda bilvosita (iste'mol talablarini rag‘batlantirish va iqtisodiyotga qo‘shimcha pul mablag‘larini jalb qilish) yo‘llari orqali ta'sir etishi;
«GM Uzbekistan» AJ korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan yengil avtomobillarning chakana sotish narxlarini o‘rtacha 7,7 %ga oshirilishi respublikaning umumiy inflyatsiya darajasiga 0,05% miqdoridagi ta'siri;
spirtli ichimliklar hamda tamaki mahsulotlari aksiz soliqlarining 2018 yilning 1 yanvaridan oshirilishi va O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yilning 5 mart kunidagi «O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligini tashkil etish to‘g‘risida»gi PQ-3583-son qaroriga asosan 2018 yilning 1 iyunidan boshlab pivo va aroq mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish maqsadlariga yo‘naltirilgan qo‘shimcha to‘lovlarning joriy qilinishi natijasida spirtli ichimliklar 12,5%ga va tamaki mahsulotlari narxi o‘rtacha 15,2%ga qimmatlashdi (inflyatsiyaga ta'siri 0,2 f.d.).