Joriy yilning 29-30 avgust kunlari Jizzaxda Xalqaro investitsion forum bo‘lib o‘tdi. Jizzax viloyatining investitsion salohiyati namoyon etilgan hamda ishlab chiqaruvchilarining milliy ko‘rgazmasi tashkil etilgan tadbir davlat investitsiyalar qo‘mitasi, Jizzax viloyati hokimligi, O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi hamkorligida o‘tkazildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Jizzax investitsion forumida Belorus, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gretsiya, BAA, Isroil, Hindiston, Ispaniya, Latviya, Xitoy Xalq Respublikasi, Qozog‘iston, Rossiya, Turkiya, Singapur, AQSh, Janubiy Koreya, Yaponiya singari jami 28 mamlakatdan 300ga yaqin ishtirokchilar qatnashdi. Shuningdek, forumda chet el diplomatik missiyalari vakillari jumladan, Italiya favqulodda va muxtor elchisi Andrea Betrotstsi, Hindiston favqulodda va muxtor elchisi Vinod Kumar, Xitoy Xalq Respublikasi favqulodda va muxtor elchisi Tszyan Yan, Quvayt favqulodda va muxtor elchisi Xaled Abdulla al-Djayran, Turkiya favqulodda va muxtor elchisi Axmet Bashar Shen ishtirok etishdi.
Forumda, shuningdek, O‘zbekistondagi Xalqaro Bank vakolatxonasi rahbari Xideki Mori, Toshkentdagi TIKA vakolatxonasi rahbari Ali Ixsan Chaglar, O‘zbekistondagi Commerzbank AG Germaniya banki vakolatxonasi rahbari Bodo Tyons, hamda Shell Global Solutions International BV, Wehrhahn GmbH, McDermott International, Husain Cermet Co, Jamil Azizi General Trading LLC, Geeta Pharma, Bay Tea Group, Indorama Corporation, Alliance Capital K/S, Elvan Saglik Turizmi Ltd, LG International corporation va boshqa ko‘plab yirik xorijiy kompaniyalar vakillari faol bo‘ldi.
«Investitsion forumni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – xalqaro ishbilarmonlik doiralari vakillarini Jizzax viloyatining iqtisodiy – ijtimoiy rivojlanish darajasi bilan tanishtirish, tadbirkorlik sub'yektlari va investorlar uchun qulay sharoitlar yaratish», deydi tadbirda so‘zga chiqqan Bosh vazir o‘rinbosari Suxrob Holmurodov.
Ma'lumot uchun, ayni paytda Jizzax viloyatida 2 erkin iqtisodiy zonalar mavjud. Bular «Jizzax» hamda yaqinda asos solingan «Zomin-farm» erkin iqtisodiy zonalari. «Zomin-farm» EIZ xududida farmatsevtika mahsulotlari, dori vositalari va tibbiy jihozlar ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalari amalga oshirib kelinmoqda.
«Jizzax» EIZ hududida qurilish materiallari, to‘qimachilik, farmatsevtika, mashinasozlik va boshqa turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatlari yo‘lga qo‘yilgan. Hususan, bugungi kunda 16 xorijiy tashkilotlar ushbu erkin iqtisodiy zonada o‘z mahsulotlarini ishlab chiqarmoqda. Auto Pad Systems, Juita Gulshana Invest, Smart vision kabi mas'uliyati cheklangan jamiyatlar shular jumlasidandir.
Qayd etish kerak, Jizzax viloyati geografik qulay hududdir. Bu yerning yana bir o‘ziga hos jixati tog‘lar va tog‘ yonbag‘irlarida tarkibida temir, oltingugurt, vodorod, radiy, kremniy kislotasi, karbon gazi, ishqorli termominerallar bo‘lgan shifobaxsh suv manbalarining borligidir. Viloyatda tabiiy resurslarga boy 40ta yirik kon mavjud. Xususan, 1ta oltin, 2ta kumush, 3ta rangli metall konlaridan hozirgi kunda Respublika va viloyat iqtisodiyoti uchun foydali bo‘lgan xom ashyo qazib olinmoqda.
Rivojlanayotgan xududlardan biri sanalgan Jizzax viloyati investitsion loyihalarning eng asosiy nuqtalaridan biriga aylanishi mumkin. Xududning barcha imkoniyatlari 2 kunlik forum doirasida to‘liq namoyon etilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, davlat investitsiyalar qo‘mitasi, Jizzax viloyati hokimligi, O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi ishtirokida seminarlar tushkil etiladi.
Investitsiya forumi qatnashchilari B2G va B2B shakllarida tashkil etiladigan kooperatsiya birjalarida ishtirok etishdi. Tadbir doirasida investorlar o‘zlarining faoliyatlaridan kelib chiqqan xolda xorijlik xamkorlar bilan tashkil etilgan viloyatdagi qo‘shma korxonalar hamda maxalliy kompaniyalarga tashrif buyurib, ularning qo‘shma loyihalari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.