Ukrainaning “Farmak” farmatsevtika kompaniyasi O‘zbekistonda zavod quradi. Bu bo‘yicha “Farmak” raisi Filey Jyebrovskiy va O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi Alisher Abdualiyev o‘zaro kelishuvga erishgan.
Ukraina kompaniyasi Toshkent viloyatidagi farmatsevtik sanoat zonasida o‘z filiallarini ochish niyatida va 10 million AQSh dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish rejasini ma'lum qildi.
Alisher Abdualiyev ushbu kelishuvga erishishdan oldin “Farmak” kompaniyasiga bir necha marotaba tashrif buyurgandi. Ma'lum qilinishicha, Shavkat Mirziyoyevning respublikaning 6ta viloyatida tashkil etilishi rejalashtirilgan farmatsevtika zonalarini barpo etish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan bo‘lib, barcha korxonalar turli muddatga soliq to‘lashdan ozod qilinadi.
Elchi “Farmak” kompaniyasini Ukrainadagi yirik farmatsevtik birlashma ekanligi, uning Ukraina dori savdosidagi ulushi 19%ni tashkil etishini alohida ta'kidlab o‘tdi. Kompaniya YeI, MDH mamlakatlari, xususan, O‘zbekistonga 200 nomdagi preparatlarni eksport qiladi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda 72 ta o‘zbek-ukrain qo‘shma korxonalari faoliyat yuritadi. 5 tasi to‘liq Ukraina kapitali bilan ta'minlanadi. 2018 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasida tovar aylanmasi 60%ga o‘sdi va 206 mln. AQSh dollarini tashkil etdi.