Iqtisodiyotdagi «dollarlashuv» darajasi kamaytiriladi. Markaziy bank yangi qaror qabul qildi

Iqtisodiyot 15:59 / 18.08.2018 66028

2018 yilning 17 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi Tijorat banklarining Markaziy bankda depozitga o‘tkaziladigan majburiy rezervlarini hisoblash va depozitga o‘tkazish tartibi hamda me'yorlariga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deb xabar bermoqda Markaziy bank axborot xizmati.

Qayd etilishicha, pul-kredit siyosati instrumentlarini takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan choralar doirasida Markaziy bank Boshqaruvi tomonidan majburiy rezervlar tartibi va me'yorlariga, joriy yilning 1 oktabridan amal qilinishi ko‘zda tutilgan o‘zgartirishlar kiritildi.

Xususan:

- majburiy rezervlarni tijorat banklar tomonidan jalb qilingan majburiyatlarning valyutasidan qat'iy nazar faqat milliy valyutada shakllantirish bo‘yicha tartib o‘rnatilmoqda;

- yuridik va jismoniy shaxslarning depozitlari bo‘yicha me'yorlari bir xillashtirilmoqda;

- yuridik shaxslarning milliy valyutadagi depozitlari uchun majburiy rezervlar me'yorlari pasaytirilmoqda;

- chet el valyutasidagi depozitlar bo‘yicha majburiy rezervlar uchun nisbatan yuqori me'yorlar kiritilmoqda.

Ushbu o‘zgartirishlar:

- milliy valyutadagi depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarining jozibadorligini oshirishga;

- iqtisodiyotdagi “dollarlashuv” darajasini kamaytirishga;

- bank tizimidagi likvidlikni tartibga solishda bozor mexanizmlarining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, iqtisodiyotdagi inflyatsiyaning prognoz darajasi va foiz stavkalari dinamikasidan kelib chiqib, kelgusida pul-kredit siyosati ta'sirchanligini oshirish maqsadida uning instrumentlariga Markaziy bank tomonidan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritib boriladi.

Ko‘proq yangiliklar: