Bloomberg iqtisodchilari Ziad Daud va Tom Orlik «turk modeli» bo‘yicha moliyaviy muammolarga duch kelishi mumkin bo‘lgan besh mamlakat nomini ma'lum qilishdi.
Ushbu ro‘yxatni AQSh dollariga nisbatan milliy valyutasi inqirozga uchragan va qator muammolarga duchor bo‘lgan Turkyai boshqarmoqda.
Mualliflarning qayd etishlaricha, bugungi kunda Argentina, Kolumbiya, JAR va Meksikada «keskin bo‘lmasa-da, Turkiyadagi kabi simptomlar kuzatilmoqda».
«Nozik beshlik» (Fragile Five) atamasi ilk bor 2013 yilda Morgan Stanley tahlilchilari tomonidan qo‘llanilgan: ular o‘sha davrda kursi oshib borayotgan dollarga nisbatan qaltis vaziyatda bo‘lgan Braziliya, Indoneziya, JAR, Hindiston va Turkiya valyutalariga shunday ta'rif berishgan. Shundan keyin turli ekspertlar har xil ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘zlarining «nozik beshlik»larini tuzishgan.
Iqtisodiyoti hajmi jihatidan jahonda 13-o‘rinda turuvchi Turkiyani joriy oyda moliyaviy inqiroz qamrab oldi. Turk lirasining dollarga nisbatan kursi 20%ga, yil boshidan buyon esa qariyb 40%ga tushib ketdi.