Amerika korporatsiyasi smartfonni displey orqali blokdan chiqarish texnologiyasini patentladi. Smartfonni himoyadan chiqarish uchun uning ekraniga barmoqni qo‘yish kerak bo‘ladi, deb xabar berdi PatentlyApple.
Xabarda aytilishicha, patent olish uchun ariza yanvarda berilgan bo‘lib, shu kunlarda patent ro‘yxatdan o‘tkazildi. Apple’ning bildirishicha, texnologiya ekran ostiga joylashtirilgan dielektrik uzatkich asosida ishlaydi. Sensor barmoq izining 3D-suratini oladi va iPhone’ni bir lahzada blokdan chiqarish imkonini beradi.
Ekspertlar bu texnologiya skanerlashning optik usuliga asoslangan boshqa ekran sensorlaridan farqlanishini qayd etishmoqda. Patent uchun ariza iPhone X chiqib bo‘lganidan so‘ng berilgani sababli mazkur texnologiya Apple’ning yangi smartfonlarida qo‘llanilishi kutilmoqda.