Joriy yilning 13 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasining Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portalida telekommunikatsiya tarmoqlaridan noqonuniy foydalanganlik uchun ma'muriy va jinoiy javobgarlik tatbiq qilinishi ko‘zda tutilgan hujjat loyihasi e'lon qilingan edi. Hujjat loyihasida telekommunikatsiya tarmoqlarida xalqaro muloqotlarni tijorat asosida noqonuniy tashkil qilgan shaxslarga Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan jazoni o‘zgartirish (eng kam oylik ish haqining 100 barobaridan 300 barobarigacha jarima yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish) taklifi ilgari suriladi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, bu yerda gap xalqaro trafiklardagi o‘tkazmalar to‘g‘risida bormoqda. Yuqoridagi taklifda shaxsiy yoki tadbirkorlik maqsadlarida axborot hamda axborot resurslaridan, shuningdek buning uchun VPN tarmoqlari, VPN kanallari, proksi serverdan foydalanishni cheklash masalasi ko‘zda tutilmagan.
O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha ilgari surilayotgan taklif (eng kam oylik ish haqining 10 barobaridan 20 barobarigacha jarima, mansabdor shaxslarga esa 20 barobaridan 50 barobarigacha, jinoyat vositasini musodara qilgan holda) telekommunikatsiya tarmoqlaridan noqonuniy (ruxsatsiz) foydalangan shaxslarga nisbatan tatbiq qilish nazarda tutilgan.
Misol uchun, yuqoridagi taklifda begona Wi-Fi tarmoqlaridan ruxsatsiz foydalanish, tarmoq foydalanuvchilariga bildirmasdan tarmoqni buzib kirish hamda internet-trafikdan foydalanish kabi o‘g‘irlikka teng holatlar ko‘zda tutilgan. So‘nggi vaqtlarda kompyuterlar bilan sodir etilayotgan tahlillarda Wi-Fi tarmoqlaridan noqonuniy foydalanish holatlari ko‘payib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, tartibli foydalanuvchilar boshqalar ularning Wi-Fi tarmoqlaridan foydalanganliklari uchun ham o‘zlari foydalanmagan internet-trafik uchun katta miqdordagi to‘lovlarni to‘lashlariga to‘g‘ri kelmoqda. Taklif qilinayotgan o‘zgartirish va chora-tadbirlar xalqaro amaliyotga muvofiq keladi hamda bir qator davlatlarda, jumladan MDHda o‘z samarasini bermoqda.
Belarus, Qozog‘iston, Ozarboyjon hamda boshqa mamlakatlarning qonunchiligida ham xuddi shunday ma'muriy va jinoiy jazo nazarda tutilgan. Aytish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 3 fevralidagi qaroriga muvofiq, jamoat joylarida simsiz bepul internet tarmog‘i (Wi-Fi hududi)ni tashkil qilgan kompaniyalar bir qator imtiyozlarga ega bo‘ladilar.
Mamlakat hududi bo‘ylab Wi-Fi tarmoqlarining kengayib borishi esa telekommunikatsiya tarmoqlarini himoya qilish choralarini ko‘rish, bu yo‘nalishda sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish hamda qonun buzilishi bo‘yicha javobgarlikni kuchaytirishni taqozo qiladi.