O‘zbekiston | 11:23 / 09.08.2018
6104
4 daqiqa o‘qiladi

O‘quvchi va talaba yoshlar o‘rtasidagi sport musobaqalari tizimi takomillashtiriladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘quvchi va talaba yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan respublika sport musobaqalari tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi,
Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining:

a) umumiy o‘rta ta'lim maktablari hamda akademik litseylar o‘quvchilari o‘rtasida “Umid nihollari” sport musobaqalarining final bosqichini har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida, viloyatlarning ma'muriy markazlarida hamda Toshkent shahrida o‘tkazish;

b) kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida “Barkamol avlod”, oliy ta'lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Universiada” sport musobaqalarining respublika final bosqichini har yili sport turlari bo‘yicha navbatma-navbat mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.

Tashkiliy qo‘mitalarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda mazkur sport musobaqalarini o‘tkazish yuzasidan alohida dasturlar ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi yuklanadi.

Dasturlarda quyidagilar nazarda tutiladi:

a) sport musobaqalari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga sport va jismoniy tarbiya tadbirlariga ajratiladigan mablag‘lar doirasida, shuningdek homiylarning mablag‘lari va byudjyetdan tashqari mablag‘larni jalb etgan holda o‘tkazilishi, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilarni 1, 2 va 3-darajali diplom, medal, kubok, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishi, shuningdek musobaqalarning final bosqichida g‘olib bo‘lgan jamoalarga “Prezident sovg‘asi” sifatida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yengil avtomobil sovg‘a qilinishi;

b) sport musobaqalarining respublika final bosqichlari bo‘lib o‘tadigan hududlar va u yerda joylashgan infratuzilma obektlarini talab darajasida tayyorlash va zamonaviy asosda jihozlash;

v) sport musobaqalari davomida har bir ishtirokchining qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini kamol toptirish, buyuk ajdodlarimizning mardlik va jasurlik an'analarini munosib davom ettirishga qodir insonlar bo‘lib yetishishiga xizmat qiladigan madaniy-ma'rifiy tadbirlar dasturini amalga oshirish.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Tashkiliy qo‘mitalar buyurtmasiga binoan sport musobaqalari ishtirokchilari va ijodiy guruh a'zolarini imtiyozli tariflar asosida chiptalar bilan ta'minlaydi. 

Mavzuga oid