Uber haydovchisiz yuk mashinalari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishni to‘xtatadi

Fan-texnika 08:17 / 31.07.2018 2797

Onlayn taksi xizmati ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi Uber kompaniyasi haydovchisiz yuk mashinalari texnologiyalari bilan shug‘ullanuvchi bo‘limini yopadi va e'tiborini yengil mashinalarga qaratadi. Bu haqda Uber Advanced Technologies kompaniyasi rahbari Erik Meyxofer o‘z bayonotida ma'lum qildi.

"Biz yaqinda muhim qaror qabul qildik va Pittsburg yo‘llariga qaytdik. Jamoamizning bor kuch va mahoratini mana shu yo‘nalishga qaratishni ma'qul deb hisoblaymiz", - dedi Meyxofer. 

Uber 2016 yil yozida haydovchisiz yuk mashinalari ishlab chiqarish bilan shug‘ullangandi. Dastlabki sinovlar Kaliforniya va Arizona shtatlarida hamda Pittsburg poligonida (Pensilvaniya shtati) o‘tkazilgandi. Arizona shtatida yuz bergan YTHdan so‘ng shu yilning may oyi oxirida kompaniya haydovchisiz yengil avtomobillar sinovini to‘liq to‘xtatgandi.

Hodisa shu yilning 18 martida Temp shahrida sodir bo‘lgan. Uber kompaniyasiga qarashli Volvo avtomobili avtonom rejimda harakatlanayotib yo‘lni kesib o‘tayotgan ayolni urib yuborgan. Politsiya avtomobilga o‘rnatilgan kuzatuv kamerasidagi yozuv orqali ayol mashina oldida kutilmaganda paydo bo‘lganini aniqlagandi. Ayol jarohatlanish oqibatida kasalxonada vafot etgan.

Ko‘proq yangiliklar: