Eng katta haq oluvchi mashhurlar reytingi e'lon qilindi 

Sport 09:20 / 17.07.2018 42254

Amerikalik bokschi Floyd Meyuezer Forbes nashri talqini bo‘yicha eng katta haq oluvchi mashhurlar reytingida 1-o‘rinni egalladi. Ro‘yxat nashrning rasmiy saytida e'lon qilingan.

41 yoshli Meyuezer 2017 yil ichida 285 mln dollar ishlab topdi. U bu qiymatdan 10 mln dollarini reklama shartnomalaridan, 275 mln dollarini esa irlandiyalik jangchi Konor Makgregor bilan jangdan olgan. Makgregorning o‘zi esa reytingda 12-o‘rinni egallagan. U o‘tgan yil davomida 99 mln dollar (85 mln dollar Meyuezer bilan jangdan, 14 mln dollar reklamadan) ishlab topgan.

Reytingning yuqori o‘ntaligiga sportchilardan yana argentinalik futbolchi Lionel Messi kirdi. Uning daromadi 111 mln dollarni tashkil qilgan (84 mln dollar shartnoma va bonuslardan, 27 mln dollar reklamadan). O‘ntalikni portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronaldu 108 mln dollarlik daromad (61 mln dollar shartnoma va bonuslardan, 47 mln dollar reklamadan) bilan yakunlagan. Futbolchilardan ro‘yxatga Neymar ham kirgan (13-o‘rin), u bir yil davomida 90 mln dollar (73 mln dollar shartnoma va bonuslardan, 17 mln dollar reklamadan) ishlab topgan.

Yuztalikka hammasi bo‘lib 24 sportchi kirgan, ular orasida Milliy basketbol uyushmasi vakillari ko‘pchilikni (6 o‘yinchi) tashkil qilgan. Eng katta haq oluvchi basketbolchi Lebron Jyeyms bo‘lgan (85,8 mln dollar). Shuningdek, reytingga Milliy futbol ligasining (amerikancha futbol) 4 vakili kiritilgan.

Reytingga 3 nafardan tennischi va golfchi ham kiritilgan. Eng katta haq oluvchi tennischi Rojyer Federer bo‘lgan (77,2 mln dollar, 24-o‘rin). Undan tashqari, reytingga ispaniyalik tennischi Rafael Nadal (41,4 mln dollar, 82-o‘rin) va serb Novak Jokovich (37,6 mln dollar, 95-o‘rin) ham kirgan.

Shuningdek, reytingga “Formula-1” poygalarida ishtirok etuvchi ikki poygachi –britaniyalik Lyuis Xemilton (51 mln dollar, 53-o‘rin) va nemis Sebastyan Fettel (42,3 mln dollar, 78-o‘rin) kirgan.

Reytingdan birorta xokkeychi va ayol sportchi joy olmagan.

Reytingning 2-o‘rinini amerikalik aktyor Jorj Kluni egallagan. U o‘tgan yil davomida 239 mln dollar daromad olgan. Shuningdek, yetakchi o‘ntalikdan model Kayli Jinner (3-o‘rin, 166,5 mln dollar), amerikalik advokat, sudya, teleboshlovchi va yozuvchi Judit Sheyndlin (4-o‘rin, 147 mln dollar), aktyor Dueyn Jonson (5-o‘rin, 124 mln dollar), U2 rok guruhi ishtirokchilari (6-o‘rin, 118 mln dollar), Coldplay guruhi a'zolari (7-o‘rin, 115,5 mln dollar), britaniyalik pop-musiqachi va aktyor Ed Shiran (9-o‘rin, 110 mln dollar) ham o‘rin olgan. 

Ta'kidlanishicha, ro‘yxatga kirgan barcha mashhurlarning daromadi 6,3 trln dollarni tashkil qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: