Germaniyada ilk vodorod poyezdlar harakatlana boshlaydi

Fan-texnika 20:20 / 16.07.2018 6587

Germaniya temir yo‘llari federal boshqarmasi mamlakatda Alstom fransuz kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Coradia iLint vodorod poyezdlaridan foydalanishga ruxsat berdi. Yangi poyezdlar yordamida yo‘lovchilarni tashish yoz oxirida boshlanadi.

Coradia iLint vodorod poyezdi Alstom tomonidan 2016 yil sentabrda taqdim qilingan. U vodorod yonilg‘i elementlarida ishlaydi. Poyezdda yonilg‘i yacheykalari lokomotiv tomida o‘rnatilgan. Ular tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiya litiy-ionli akkumulyator batareyalarini quvvatlash uchun qo‘llanadi. Batareyalardan esa o‘z navbatida poyezdning barcha bort tizimlari va elektr motorlari quvvat oladi.

Coradia iLint dunyodagi ilk vodorod poyezd bo‘lib, to‘liq quvvatlanganda 800 kmgacha yo‘l bosa oladi. Ikki yil avval ko‘rsatilgan prototip 300 yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangandi.  

Hozircha yangi poyezdlar Germaniya shimolidagi temir yo‘lning elektrlashtirilmagan qismida qo‘llanadi. Buning uchun Alstom 14 ta vodorod poyezd yetkazib beradi. Poyezdlarni yetkazishga shartnomada ularga 30 yil davomida texnik xizmat ko‘rsatish ko‘zda tutilgan.

2017 yil kuzida Xitoyning CRRC Tangshan korporatsiyasi Tanshan shahrida vodorod yonilg‘i elementlarida ishlovchi dunyodagi ilk tramvayni ishga tushirgandi. Yangi tramvay 136 yil avval barpo etilgan va shaharning bir nechta sanoat tumanlarini bog‘lovchi tramvay yo‘nalishida qatnay boshlagan.

Ko‘proq yangiliklar: