Vazirlar Mahkamasida 3ta departament tugatildi, 2 oy ichida tarkibiy bo‘linmalar xodimlari attestatsiyadan o‘tkaziladi

O‘zbekiston 12:20 / 08.07.2018 22358

Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati tuzilmasini takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»
gi qarori imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanalida xabar qilingan.

Qarorga muvofiq:

Vazirlar Mahkamasining apparatining asosiy yo‘nalish va vazifalari belgilandi;

Vazirlar Mahkamasi apparati tuzilmasidagi Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenti, Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari axborot-tahlil departamenti va Ta'lim, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport masalalari axborot-tahlil departamenti tugatildi;

Vazirlar Mahkamasi apparati tuzilmasida Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik jihatdan ta'minlash masalalari bo‘limi tashkil qilindi va Bosh vazir apparatining, Kommunal soha, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamentining tegishli shtat birliklari ushbu bo‘lim tuzilmasiga o‘tkazildi;

Elektron hukumat telekommunnkatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va axborot xavfsizligini ta'minlash masalalari axborot-tahlil departamenti, Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari axborot-tahlil departamenti hamda Ta'lim, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya, sport va turizm masalalari axborot-tahlil departamenti tashkil qilindi;

Vazirlar Mahkamasi apparati tuzilmasini optimallashtirish maqsadida boshqaruv xodimlari soni 44 nafarga qisqartiriladi; 

Vazirlar Mahkamasi apparatining ma'lum ilmiy darajalarga ega xodimlariga lavozim maoshining 30-35 foizi miqdorida oylik ustama to‘lanadi; 

ikki oy muddat ichida Vazirlar Mahkamasi apparati tarkibiy bo‘linmalarining rahbar va mutaxassislari egallab turgan lavozimiga munosib ekanini baholash maqsadida attestatsiyadan o‘tkaziladi.

Ko‘proq yangiliklar: