Tahlilchi Ming-Chi Kuo Apple kuzgi taqdimotida namoyish qilishi kutilayotgan iPhone smartfonlariga doir taxminlari bilan bo‘lishdi.
iPhone X smartfonlarining hozirgi avlodi kumush va kul ranglarda taklif etilgan. Tahlilchining fikricha, 2018 yilgi yangi modellar qo‘shimcha rang optsiyalariga ega bo‘ladi. Shunday qilib, yangilangan iPhone X va uning 6,5 dyuym OLED-displeyli "akasi" oq, qora va tilla ranglarda, 6,1 dyuym LCD-ekranli iPhone esa - besh xil variatsiyada - havorang, olovrang, kulrang, qizil va oq ranglarda chiqadi.
Ming-Chi Kuo shuningdek 6,5-dyuymli iPhone X Plus narxining 1000 dollar atrofida bo‘lishini taxmin qilmoqda. 6,1-dyuymli iPhone'ni esa 700 AQSh dollariga baholamoqda.
Bundan oldin tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Apple 2018 yilda 5,85 va 6,45 dyuym diagonalli ikki OLED-modelni hamda 6,1-dyuymli «byudjyet» LCD-modelni namoyish etadi. Ularning bari hoshiyasiz dizayn va foydalanuvchini yuzidan taniy oluvchi Face ID funksiyasiga ega bo‘ladi. Ularning taqdimoti sentabr oyida, iPhone yangi avlodiga bag‘ishlangan an'anaviy matbuot anjumanida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.