Xorijliklarni vaqtincha propiska qilish soddalashtiriladi

O‘zbekiston 10:57 / 25.04.2018 8202

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida Vazirlar Mahkamasining xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni vaqtincha propiskadan o‘tkazish tartib-taomilini soddalashtirishga yo‘naltirilgan qarori loyihasi joylashtirilgan, deb yozmoqda Norma.

Xususan, Vazirliklar, idoralar va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan xorijiy valyutada undiriladigan boj stavkalari, yig‘imlar va soliq bo‘lmagan boshqa to‘lovlarning tariflariga, shuningdek Xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishlari qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilmoqda.

Xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni (bundan keyin – xorijliklar) 1 oygacha bo‘lgan muddatga (kirish vizasi amal qilishi muddati doirasida) vaqtinchalik propiska qilish bepul amalga oshiriladi. Bu MDH mamlakatlari fuqarolariga ham taalluqli. 

Xorijliklarning bo‘lish muddati 30 kundan oshmasa, Internet tarmog‘i orqali ixtisoslashtirilgan elektron avtomatlashtirilgan dastur yordamida vaqtincha propiska qilishga ruxsat etiladi.

Joylashtirish paytida propiska uchun javobgarlik jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan joylashtirish vositalari va davolash muassasalari ma'muriyati, turistik operatorlar, xususiy ishlar bo‘yicha xorijiy fuqarolarni qabul qiluvchi va ularga turar joy maydoni beruvchi jismoniy shaxslar, shuningdek tijorat maqsadlarida turar joy maydonini ijaraga beruvchi xususiy uylar (kvartiralar) egalari zimmasiga yuklatiladi.

Buning uchun quyidagi hujjatlarni elektron tarzda jo‘natish talab etiladi:

• belgilangan shakldagi ariza;
• milliy pasport yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning hujjati;
• turar joy mulkdorining vaqtincha propiska qilishga roziligi va turar joyga bo‘lgan huquqlarni belgilovchi hujjatlar.

Propiska qilish muddati 30 kundan oshadigan bo‘lsa, odatdagi tartibda ichki ishlar organlariga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. Bu holda yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlarga qabul qiluvchi tashkilotning belgilangan shakldagi iltimosnomasini, shuningdek davlat boji to‘langanligi haqidagi kvitansiyani ham ilova qilish talab etiladi. 

Loyiha yuzasidan taklif: 30 kundan ortiq muddatga vaqtincha propiska qilish uchun taklif etilayotgan hujjatlar ro‘yxatida faqat qabul qiluvchi tashkilotning iltimosnomasi nazarda tutilmoqda. Shu tariqa, jismoniy shaxslar amalda xorijliklarni vaqtincha propiska qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risida iltimosnoma berish huquqidan mahrum bo‘lishlari mumkin. Buning ustiga, Qoidalarning 20-bandiga o‘zgartirishlarda taklif etgan (qabul qiluvchi) shaxslarning yozma murojaatlariga ko‘ra propiskani uzaytirishga ruxsat berish taklif qilinmoqda. Oqibatda ziddiyat yuzaga kelmoqda, uni bartaraf etish lozim.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: