Yerevandagi namoyishlar yetakchisi endi davlatni o‘zi boshqarishni istamoqda

Jahon 23:10 / 24.04.2018 19798

Armaniston muxolifati yetakchisi, «Yelk» («Chiqish») fraksiyasi deputati Nikol Pashinyan mamlakatni o‘zi boshqarishni istamoqda. Bu haqda RBK nashri Pashinyanning safdoshi, Yerevan shahar kengashi a'zosi, «Grajdanskiy dogovor» partiyasi boshqaruv kengashi a'zosi Alen Simonyanga asoslanib xabar bergan.

Manbaning aytishicha, Pashinyan bu haqda Armaniston bosh vaziri vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Karen Karapetyan bilan 25 aprel kuni o‘tkaziladigan muzokaralar chog‘ida ma'lum qiladi. Muxolifat yetakchisi parlamentga muddatidan ilgari saylovlar o‘tkazilguniga qadar hukumatga rahbarlik qilishni istamoqda.

Simonyanning qayd etishicha, muxolifatning Serj Sargsyan iste'fosidan keyingi asosiy talabi - bosh vazirlik lavozimini Pashinyan egallashi va parlament uchun shoshilinch saylovlar o‘tkazishdir.

«Yangi bosh vazir - xalq tanlagan odam bo‘lishi kerak. Bu albatta Pashinyan bo‘lishi kerak», — degan u. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalq saylovlari Respublika maydonida o‘tkazilishi kerak.

Pashinyan bosh vazirlik lavozimida vaqtincha hukumatni shakllantirishni rejalashtirgan. Simonyan parlament tarkibini aynan Pashinyan tasdiqlashi kerak, deb hisoblamoqda.

Ko‘p o‘tmasdan Nikol Pashinyanning o‘zi jurnalistlar ishtirokidagi matbuot anjumanida Armaniston bosh vaziri lavozimini, agar «xalq shuni istasa» o‘z zimmasiga olishga tayyorligini ma'lum qildi.

«Katta ehtimol bilan shunday bo‘ladi», degan Pashinyan xorijiy nashrlar vakillari uchun matbuot anjumani vaqtida.

«Biz oddiy ishni bajardik - xalqni mitingga chorladik. Xalq o‘z nomzodini ilgari suradi. Biz ham bu jarayon tinchlik bilan yakunlanishi uchun tayyormiz», degan Pashinyan.

U vaqtincha bosh vazir vazifasini bajaruvchi Karen Karapetyan Armanistonning yangi hukumatini boshqara olmasligini aytib o‘tgan.

«Mumkin emas. Biz Karapetyan bilan muzokaralarga boramiz, o‘z talablarimizni amalga oshiramiz. Respublika partiyasining hukmronlik davri tugadi. Uni qaytarish uchun qilinadigan istalgan harakat yaxshilik bilan tugamaydi», deya javob qaytargan Pashinyan jurnalistning shu haqdagi savoliga.

Shu bilan birga u iste'foga ketgan Serj Sargsyanga qarshi harakatlar bo‘lmasligini va'da qilgan.

Pashinyan Armaniston bosh vaziri uchun yangi saylovlar bir-ikki oy ichida o‘tkazilishi, navbatdan tashqari parlament saylovi ham qisqa vaqt ichida bo‘lib o‘tishi kerakligini qo‘shimcha qilgan.

Armanistonning sobiq prezidenti va sobiq bosh vaziri Serj Sargsyan 23 aprel kuni Yerevanda o‘tkazilgan 10 kunlik norozilik namoyishlari ortidan iste'foga chiqdi. Uning o‘rniga o‘rinbosari va partiyadoshi Karen Karapetyan vaqtincha bosh vazir bo‘ldi.

13 aprel kuni Armaniston poytaxtida va boshqa shaharlarda Sargsyanning yangi lavozimga tayinlanishiga qarshi namoyishlar boshlangandi. Yerevanda faollar yo‘llarni, davlat organlari binolarini yopib qo‘yib, politsiya bilan to‘qnashuvlarga kirishdi. Armaniston parlamenti Sargsyanni bosh vazir lavozimiga 17 aprel kuni sayladi, o‘sha kuni muxolifat yetakchisi Pashinyan Armanistonda «baxmal inqilobi» boshlangani haqida e'lon qildi.

Ko‘proq yangiliklar: