Roskomnadzor va Telegram sudlashmoqda: messenjer Rossiyada bloklanadimi?

Fan-texnika 16:59 / 12.04.2018 6674

Moskva shahrining Taganka rayon sudi 13 aprel, juma kuni RF aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalar sohasida nazorat federal xizmati — Roskomnadzorning Telegram messenjerini bloklash to‘g‘risidagi shikoyat arizasini ko‘rib chiqadi. Bu haqda Rossiyaning bir necha ommaviy axborot vositalari xabar tarqatgan.

RIA Novosti’ning xabar berishicha, Telegram vakillari Roskomnadzorning shikoyati yuzasidan bugun bo‘lib o‘tgan sudgacha tayyorgarlik majlisiga kelishmagan.

Messenjerning manfaatlarini sudda himoya qilayotgan «Agora» tashkiloti rahbari Pavel Chikovning Telegram’dagi kanalida ma'lum qilishicha, Telegram dastlabki suhbat haqida hech qanday bildirishnoma olmagan, shu sababli yuristlar tayyorgarlik ko‘rishga ulgurmasdan, sudoldi majlisiga borishmagan.

«Telegram xabardor qilinmagan. Bu xabar e'lon qilingan axborot va jurnalistlarning sudga qo‘ng‘iroqlaridan so‘ng tarqaldi. Sud kotibi ayni paytda Qrimda sud jarayonida ishtirok etayotgan Dmitriy Dinega qo‘ng‘iroq qilgan. Na shikoyat, na yozma bildirishnomani ular Telegram’ga ham, uning vakillariga ham jo‘natishgan. Sudya Yuliya Smolina ertaga u yerda kim bilan, nima haqida suhbatlashmoqchi bo‘lgani tushunarsiz», deb yozgan kecha «Agora» huquqni himoyalash tashkiloti rahbari Pavel Chikov o‘z kanalida.

Aprel oyi boshida Roskomnadzor tomonidan Telegram messenjeri ma'muriyatiga shifrlash kalitlarini Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga topshirish uchun ajratgan 15 kunlik muddat o‘z nihoyasiga yetgan.

Telegram advokati Dmitriy Dinzening so‘zlariga ko‘ra, kompaniya FXXning talabi texnik sabablarga ko‘ra — messenjer tuzilmasi tufayli bajarib bo‘lmas vazifa ekani haqida Roskomnadzorga bildirish jo‘natgan.

Taganka rayon sudida bo‘lib o‘tgan bugungi sud oldi majlisida Roskomnadzor vakili «Mazkur sud ishi axborot tarqatish bilan bog‘liq, Telegram xabarlarning kodini ochish uchun kalitlarni taqdim etmas ekan, agar sud qarorida bizning iltimosnomamiz qanoatlantiriladigan bo‘lsa, uni zudlik bilan ijro etishga qaratamiz», degan. Bu degani, agar sud Telegram’ni bloklash haqida qaror chiqarsa bu ish zudlik bilan amalga oshiriladi, demakdir.

Sud ishiga FXX ham jalb etiladi. Sudya Yuliya Smolina bugun «Sud FXXni manfaatdor tomon sifatida sudga jalb etilishi haqidagi iltimosnomasini qanoatlantiradi», deya qaror chiqargan.

Roskomnadzorning iltimosnomasiga qadar Rossiyada Telegram’ni bloklashga oid ehtimolli ssenariy quyidagi ko‘rinishga ega edi:

  • Sud Roskomnadzorning talablarini qanoatlantirib, kompaniya servislarini bloklash haqida qaror chiqaradi;
  • Telegram jamoasi sud qarori ustidan shikoyat qiladi;
  • Telegram sudda yutqazsa, Roskomnadzor barcha qolgan instansiyalarga ikkinchi ogohlantirish jo‘natadi;
  • Telegram yana 15 kun ichida shifrlash kalitlarini berishni rad etadi;
  • Roskomnadzor messenjerni bloklash jarayonini boshlaydi.
Ko‘proq yangiliklar: