Facebook ijtimoiy tarmog‘i rahbari Mark Tsukerberg seshanba kuni AQSh kongressidagi ochiq eshituvlarda ko‘rsatma berdi. Bu kompaniya faoliyati bilan bog‘liq xavotirlar ortib borayotgani fonida sodir bo‘ldi.
Tsukerberg senatning birdaniga ikki qo‘mitasi oldida chiqish qildi – yuridik va savdo. Savol berish istagida bo‘lgan ko‘plab qonun chiqaruvchilar tufayli stollar ikkinchi qatori o‘rnatildi. Eshituvlar besh soatdan ortiq davom etgan.
Tsukerberg ishtirokidagi eshituvlar yirik mojaro fonida ro‘y berdi – ijtimoiy tarmoqning 87 million foydalanuvchisi ma'lumotlari Britaniyaning Cambridge Analytica kompaniyasiga xato tufayli berib yuborilgani aniqlandi.
Mark qonun chiqaruvchilar oldidagi chiqishini ushbu mojaro uchun uzr so‘rashdan boshladi, u ro‘y bergan holat uchun barcha mas'uliyatni zimmasiga oldi.
Savollarning aksariyati foydalanuvchilar ma'lumoti xavfsizligi, Rossiyaning Amerika saylovlariga aralashuvi haqida bo‘ldi.
Tsukerberg eshituvlar davomida ko‘plab boshqa savollarga ham javob qaytardi. Xususan, u Facebook har doim foydalanuvchilar uchun bepul bo‘lishini tasdiqladi, sababi kompaniyaning asosiy maqsadi – butun dunyo bo‘ylab odamlarni birlashtirish. Uning ishontirishicha, kompaniya reklama beruvchilarga foydalanuvchilar ma'lumotlarini sotmaydi, Facebook’ning o‘zi xususiy kompaniyalarning ma'lum miqdordagi murojaatidan so‘ng kerakli odamlarga chiqadi.
"Biz reklamani kerakli odamlarga ma'lumotlarni reklama beruvchilar bilan bo‘lishmasdan turib ko‘rsatishimiz mumkin", - deya aniqlik kiritdi Tsukerberg.
Uning tan olishicha, internetni tartibga solish haqidagi munozara juda muhim, hamda u AQSh kongressiga internetni tartibga solishning yangi qoidalarini joriy etish uchun barcha kerakli axborot va texnik qo‘llab-quvvatlovni berishga va'da qildi.
Tsukerberg ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘z ma'lumotlarini qanday qilib xavfsiz holda saqlashi mumkin ekani haqidagi savolga oddiy javob qaytardi - "sizda buning uchun barcha vositalar bor". Kompaniya rahbarining va'da berishicha, akkaunt o‘chirib yuborilganida, foydalanuvchiga tegishli bo‘lgan barcha ma'lumotlar ham arxivdan o‘chiriladi.
Tsukerberg Cambridge Analytica bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtalib, masala yopiq ekanini aytdi. "Ular bizga ma'lumotlardan foydalanishmagani va ularni o‘chirib yuborishganini aytishdi. Biz siyosatimizni yangiladik, bu shu xato yana takrorlanmasligi uchun qilindi", - deya aytib o‘tdi u. Uning qayd etishicha, bu kompaniya to‘liq auditdan o‘tkaziladi.
"Agarda biz kimdir ma'lumotlardan qandaydir maqsadda foydalanganini aniqlasak, ularni Facebook’da bloklaymiz va barchani ogohlantiramiz", - degan Tsukerberg.
Tsukerberg Facebook kompaniyasini boshqarishdagi “eng katta afsusi” haqida ham aytib o‘tgan. Bu foydalanuvchilar ma'lumotining sizib chiqishi emas, balki Rossiyaning ijtimoiy tarmoqdagi faoliyatiga “sekin reaksiya bildirilishi” ekan. U ro‘y bergan holatni Rossiya bilan internetdagi “qurollanish poygasi” deb atagan.
"Bu qurollanish poygasi. Rossiyada boshqalarning saylovlariga aralashishga harakat qiladigan odamlar bor ekan, bu poyga davom etadi", - deya aytib o‘tdi Tsukerberg.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2018 yil oxiriga kelib kompaniyaning xavfsizlikni ta'minlash bo‘limida taxminan 20 ming yangi xodim ishlaydi.
Bundan tashqari, Tsukerberg kompaniya Amerika maxsus prokurori Robert Myullerning ofisi bilan hamkorlik qilayotganini tasdiqladi.