Tojikistonning Monopoliyaga qarshi xizmati internet-trafikni faqat «Tojiktelekom» shirkatidan olish haqida hech qanday buyruq yo‘qligini ma'lum qildi, deb yozmoqda «AP».
Qayd etilishicha, bunday talablar haqiqatdan uzoq.
Bu haqda xizmatning mamlakatdagi uyali aloqa operatorlari uyushmasiga xatida aytiladi. U Monopoliyaga qarshi xizmatga «Tojiktelekom» davlat kompaniyasining tojik provayderlari va mobil aloqa kompaniyalari uchun internet-trafikni sotish bo‘yicha eksklyuziv huquqlari borasida izoh so‘rab murojaat qilgan.
«Xatda ko‘rsatilishicha, «Tojiktelekom» OAJ Monopoliyaga qarshi xizmatga chet eldan internet-trafikning yagona xaridori va keyingi tarqatuvchisi bo‘lish borasida ariza bermagan. Monopoliyaga qarshi xizmat «Tojiktelekom»dan murojaat yo‘qligi sababli internetga narxlarni hali belgilamadi», - deya xabar bergan «AP»ga mamlakat mobil aloqa operatorlari assotsiatsiyasidagi manba.
Shu bilan birga, Tojikiston hukumati huzuridagi Xizmatga qarashli korxona bo‘lgan «Tojiktelekom» milliy provayderi ayni paytda barcha tojik provayderlari va mobil kompaniyalarga internet-trafikni sotmoqda, ularga yangi yildan boshlab qo‘shni mamlakatlardan internetni sotib olishni taqiqlagan.
Yil boshidan buyon mobil kompaniyalar va internet-provayderlar milliy operatordan bir gigabit kanal uchun 51 ming dollarlik narxda internet xarid qilishni davom ettirmoqda.
Taqqoslash uchun: ilgari ular Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Xitoydan o‘sha hajmdagi internetni 10-20 ming dollardan ulgurjiga sotib olgan.
Shu bilan birga, «Tojiktelekom» internetga kirish xizmatlariga tariflarni 20 foizga pasaytirdi.