Filmlarni soniyalarda yuklab olish, haydovchisiz mashina boshqarish: 5G tarmog‘i o‘zi nima uchun kerak?

Fan-texnika 15:03 / 19.02.2018 17333

Yangi avloddagi 5G mobil tarmog‘i Pyongchangda o‘tayotgan qishki Olimpiadada debyut qildi: undan nafaqat bobsleychilarning chanalariga o‘rnatilgan kameralardan translyatsiya qilish, aytaylik, yovvoyi qobonlarni haydab yuborishda ham foydalansa bo‘ladi, deb yozadi Meduza. Qishki olimpiya o‘yinlari tugagach, 5G tarmog‘i yig‘ishtirib olinadi; texnologiyadan ikki yildan so‘ng keng foydalana boshlashadi...

5G nima o‘zi?

5G — mobil aloqaning beshinchi tarmog‘i, 4G tarmog‘ining rivojlantirilgan versiyasi. Yangi tarmoqda axborot 4G’dagiga nisbatan 100 barobar tezroq uzatiladi — nazariy jihatdan, tezlik soniyasiga o‘nlab gigabayt darajasiga yetadi. 5G’ning boshqa bir farqli muhim jihatlari: kutish uchun vaqtning o‘ta qisqaligi (ya'ni, axborot uzatish uchun sarflanadigan vaqtning o‘ta qisqaligi, bu yerda hisoblash millisoniyalarda o‘lchanadi) va qurilmalar o‘rtasida ma'lumotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatish imkoniyatlaridir.

Bundan qanday foydalanish kerak?

Ochiq-ravshan ko‘rib turgani — telefon yoki kompyuterga axborotni tezroq yuklab olish imkoniyati paydo bo‘lishidir. Masalan, HD sifatidagi 8 gigabayt hajmli film 5G tarmog‘i orqali olti soniyada yuklanadi, 4G da esa buning uchun bir necha daqiqa ketadi.

Pyongchangdagi olimpiadada bobsleychilarning chanasiga 5G kameralar o‘rnatildi va bobsleychilar trassani ko‘radigan rakursdan tasvirlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilib turildi. Kameralardan kelayotgan video teleprodyuserlar pultiga kelib tushadi, ular zarur vaqtda uni translyatsiyaga ulashadi.

Kenpo muz saroyi perimetri bo‘ylab Intel kompaniyasi 5G tarmog‘iga ulangan 100 ga yaqin kamera o‘rnatgan. Ularning sharofati bilan tomoshabinlar nafaqat figurachilarning uchishlarini tomosha qilishlari, istalgan vaqtda bir kameradan ikkinchisiga ulanib, ko‘rish burchagini o‘zgartirishi ham mumkin.

Pyongchangdagi muz saroyi modeli
Foto: Jean Chung / Bloomberg

 

Lekin beshinchi avlod tarmoqlari ochib beradigan imkoniyatlar aslida filmlarni tezda yuklab olish va videoni jonli efirda tomosha qilishdan ham kengroq. 5G pilotsiz boshqariluvchi avtomobillarga yo‘ldagi vaziyatdan oniy lahzada xabardor bo‘lib turish imkoniyatini beradi — biror kor-hol ro‘y bergudek bo‘lsa yo‘ldagi sensorlar yaqin atrofdagi mashinalarga darhol xabar uzatadi, mashinalar to‘xtashi yoki yo‘nalishini o‘zgartirishi mumkin.

5Gda hech qachon kutishga hojat qolmaydi, buning sharofati o‘laroq, masofadagi qurilmaga buyruq jo‘natib, undan javob olish orasida farq sezilmaydi, bu esa ayrim ishlarni masofadan turib boshqarish imkoniyatini beradi. 2015 yilda MWC konferensiyasida jurnalistlarga virtual reallik ko‘zoynagini taqib, bir necha ming kilometr narida turgan ekskovator bilan yer kavlashni taklif qilishgan edi.

5G nafaqat masofadan turib biror yerni qazish, jarrohlik operatsiyalari o‘tkazish imkonini beradi: jarrohlar yordamida bemordan uzoqda turib ham robotlashtirilgan qo‘lni boshqarishlari mumkin. Sensorli va vibromotorli qo‘lqoplar yordamida vrachlar javob aloqasini olib turishadi.

Nihoyat, 5Gning paydo bo‘lishi «buyumlar interneti» ravnaqiga xizmat qiladi: «aqlli» qurilmalar, ular xoh alohida bir sensorlar, xoh butun bir muzlatgich bo‘lsin, serverlarni zo‘riqtirmasdan katta hajmdagi axborotlarni uzatishi yoki qabul qilishi mumkin.

Yovvoyi qobonlar-chi?

5G tarmog‘i Olimpiada o‘tkazilayotgan joyga nafaqat tarmoq imkoniyatlarini namoyish etish uchun, shuningdek, turistlar va mahalliy aholini qobonlardan himoyalash uchun ham o‘rnatib chiqildi. Yon-atrofda yashovchi bu yovvoyi hayvonlar ekinlarni payhon qilishadi, aholi punktlarigacha kirib kelishadi.

Qobonlardan himoya qilish tizimi maxsus gaz hamda yo‘lbarsning ovozini yangratuvchi karnaylardan iborat radardan iborat. Fermer o‘z telefonidan turib tizimning holatini kuzatishi, kameralardan uzatilayotgan tasvirlarni ko‘rishi mumkin. 4Gga asoslangan eski tizim o‘z vazifasini u qadar uddalay olmasdi: u qobonlarni inson va bug‘ulardan ajrata olmas ekan.

5Gni qachon kutish kerak?

Uyali aloqalar standartlarining yangi avlodlari o‘rtacha har o‘n yilda paydo bo‘lgani hisobga olinsa, yoppasiga o‘rnatilgan tarmoqni 2020 yildan ilgari kutish yaramaydi. 1G (NMT) 1981 yilda, 2G (GSM) 1992 yilda, 3G (W-CDMA/FOMA) 2001 yilda, 4G (3GPP Long Term Evolution, WiMAX) 2010 yilda joriy etilgan.

Lekin shunisi aniqki, 2018 yilda Rossiyada o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionati chog‘ida ham 5G tizimi sinovdan o‘tkaziladi.

Darvoqe, 2017 yilning 28 noyabrida O‘zbekistonning «Uzmobile» mobil operatori Xitoyning ZTE kompaniyasi bilan hamkorlikda Telekommunikatsiyalar va personalni rivojlantirish markazi laboratoriyasi bazasida Toshkentda 5G tarmog‘ining laboratoriya sinovlarini o‘tkazgan.

Ko‘proq yangiliklar: