Moskvada uch yil ichida 50 ta metro bekati quriladi

Jahon 18:48 / 17.02.2018 8592

Moskva shahrida uch yil davomida qariyb 50 ta yangi metro bekati quriladi, bu maqsadga 500 mlrd rubl nazarda tutilgan. Bu haqda Moskva merining shaharsozlik siyosati va qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Marat Xusnullin jurnalistlarga xabar berdi.

"Har yili qariyb 150-170 mlrd rubl miqdorida moliyalashtirish amalga oshiriladi. Yaqin uch yil uchun byudjyetimizda bunday summa bor, bu deyarli 500 mlrd rubl", - deya aytib o‘tdi u.

Xusnullinning so‘zlariga ko‘ra, Moskvada 2018-2021 yillarda 50 ta yangi bekatni qurish rejalashtirilgan. "Faqatgina shu yilning o‘zida biz kamida 21 ta yangi bekatni foydalanishga topshirmoqchimiz. Shuningdek, uch yilda Moskva metropolitenining Katta halqa liniyasi loyihasi bo‘yicha asosiy ishlarni yakunlaymiz", - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi u.

Moskva metrosi SSSR va Rossiyadagi birinchi hamda eng yirigi sanaladi. Moskva metropoliteni – Pekin, Tokio, Shanhay, Seul va Guanchjou metropolitenlaridan so‘ng foydalanish intensivligi bo‘yicha jahonda oltinchi o‘rinni egallaydi. Ilk yo‘nalish 1935 yilning 15 may kuni ochilgan bo‘lib, «Sokolniki» bekatidan «Park kultury» stansiyasiga qadar bo‘lgan. Tizim 13 liniyadan iborat, umumiy masofa 349,6 km. Moskva metropolitenida 207 stansiya mavjud bo‘lib, ulardan 44 tasi madaniy meros obekti hisoblanadi.
 

Ko‘proq yangiliklar: