Haydovchisiz avtomobillar sinov rejimida ishlayotgan bir paytda o‘zi harakatlanuvchi chamadonlar shaharlar ko‘chalariga chiqishga tayyor. Travelmate startapi Las-Vegasda o‘tgan Consumer Electronics Show-2018 ko‘rgazmasida “robot-chamadon”ni taqdim qildi. Bunday chamadon o‘z egasi ortidan 11 km/soat tezlik bilan mustaqil yura olishi mumkin. Ularni smartfondagi dastur yordamida boshqarish mumkin, chamadonlarga to‘siqlarni chetlab o‘tish va odamlarga urilib ketmaslikka haydovchisiz mashinalarda qo‘llanuvchi texnologiyalar yordam beradi.
“Bu g‘ildiraklarga o‘rnatilgan, har joyda ortingizdan qolmaydigan haqiqiy robotdir”, deb aytmoqda Travelmate asoschisi Maksimillian Kovtun. Sun'iy ong elementlari antiqa chamadonga egasi yonida muayyan masofada qolishga imkon beradi. Smartfon yordamida esa chamadonni dron kabi boshqarish mumkin. Chamadon ham vertikal, ham gorizontal holatda yura oladi.
Chamadon litiy-ionli akkumulyatorlarda ishlaydi, ular yordamida smartfon va planshetlarni quvvatlash mumkin. Batareyalarni yechib olsa bo‘ladi, shu sababli chamadonni samolyot bortiga olishdan bosh tortilishidan xavotirlanmasa bo‘ladi. Travelmate’da uning joylashgan o‘rnini kuzata oluvchi chip o‘rnatilgan. G‘ildiraklar chamadonga 360 gradusga burilishga imkon beradi, uning yorug‘lik-diodli chiroqlarini kayfiyatga ko‘ra o‘zgartirish mumkin. Chamadonlar fevraldan AQShda, so‘ngra Yevropa va Yaponiyada 1100 dollardan sotuvga chiqariladi.
Travelmate’ning raqobatchisi Xitoyning ForwardX startapi bo‘lib, u ko‘rgazmada xuddi shunga o‘xshash chamadonni taqdim qildi. Bu chamadon yuzlarni tanish tizimini qo‘llaydi va smartfondan boshqarilishga ehtiyoj sezmaydi. U harakatlanish vaqtida unga buyumlar va piyodalarni chetlab o‘tishga imkon beruvchi haydash algoritmlaridan foydalanadi. Unga imo-ishoralarni o‘qish texnologiyasi va o‘g‘rilardan himoya tizimi o‘rnatilgan. Qurilmaning litiy-ionli batareyalari olinadi. Chamadon 2018 yil o‘rtalaridan 1000 dollar narxda sotuvga chiqarilmoqchi.
Batareyalarini yechib olib, o‘zi bilan samolyot saloniga olvolishning iloji bo‘lmagan “aqlli” chamadonlar ishlab chiqaruvchilari kasodga uchrashi mumkin. Chunki 2018 yil 15 yanvaridan AQShning yirik aviakompaniyalari xavfsizlik va alangalanish xavfini minimallashtirish maqsadida samolyotning yukxonasiga litiy-ionli batareyalarga ega chamadonlarni topshirishni taqiqlashmoqchi.