O‘tgan yilning kuzida Xitoyning Future Mobility va uning to‘liq elektrlashgan avtomobil ishlab chiqariluvchi yangi Byton brendi haqida ma'lumotlar paydo bo‘lgan edi. Kompaniyaga BMW va Nissan’ning sobiq top menejyerlari tomonidan asos solingan. Yangi avtomobilning anons qilinadigan joyi bo‘lib, albatta, CES 2018 ko‘rgazmasi xizmat qilmoqda. Hozircha u faqat jurnalistlar uchun ochiq, ertadan istalgan kishi unga kirishi mumkin bo‘ladi, deb yozmoqda hi-news.ru.
2022 yilgacha Byton uchta to‘liq elektrlashgan avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Kompaniya o‘rtacha o‘lchamli elektr krossoverdan boshlashga qaror qilgan va u 2019 yilning to‘rtinchi choragida bozorlarga chiqadi. Keyin navbat sedanga, o‘ndan so‘ng yetti o‘rinli oilaviy avtomobilga yetadi.
Jurnalistlarning qayd etishlaricha, Byton’ning yangi mashinasi yaqindagina ishlab chiqarilgan Land Rover Velar va Faraday Future kompaniyasining to‘liq elektrlashgan FF91 oralig‘idagi bir transportdir. Ko‘zga tashlanuvchi ilk qiziq detal — yon ko‘zgularining yo‘qligi. Uning rolini kameralar o‘z zimmasiga olgan.
Avtomobil juda ilg‘or Amazon Alexa ovozli ko‘mak tizimidan foydalanadi. Avtomobil mediatizimini imo-ishoralar yordamida boshqarish mumkin va harakatning 3-darajadagi avtonomligini va'da qilinmoqda. 4-darajagacha yangilanishni kompaniya 2020 yilda chiqarishni mo‘ljallamoqda. Avtomobilni smartfondagi maxsus ilova yordamida ham boshqarish mumkin.
Yangilikni potensial xaridorlar e'tiborini jalb qilishi mumkin bo‘lgan asosiy detali — gigant ekrani bo‘lib, Byton’ni yaratganlar uni SED (Shared Experience Display) deb atashgan. U avtomobilning markaziy konsoli butun uzunligini egallagan. Tizim 100 Gb/s tezlikda simsiz Internet bilan ta'minlanadi, unda filmlar ko‘rish (albatta, avtoturargohda), qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish mumkin.
Gigant Shared Experience Display ekrani fonida Tesla Model S va X larning kattagina ekrani ham mittilik kasb etadi.
Haqiqiy shohona qulaylikni ta'minlash maqsadida Byton avtomobilni aylanma kreslolar bilan jihozlagan. Bundan tashqari, unga o‘rnatilgan yuzni tanib olish tizimi har bir yo‘lovchi va haydovchi uchun o‘rindiqlar sozlamalarini avtomatik ravishda moslab sozlab berishi mumkin.
Avtomobil ikki xil to‘plamda taklif etiladi — bir motorli va ikki motorli. Bir motorli varinati 272 ot kuchiga ega bo‘lib, yurish zaxirasi 400 km.ni tashkil etadi. Ikki motorlisi 476 ot kuchi bilan 520 km.gacha yo‘l bosa oladi. Bazaviy modelning narxi 45 ming AQSh dollaridan kam bo‘lmasligi taxmin qilinmoqda.