Walmart va Kroger savdo tarmoqlariga qarashli do‘konlar xaridorlari mobil ilovalar yordamida tovarlarning shtrix-kodlarini mustaqil ravishda skanerlash va bir urinishda xaridlar bilan hisoblasha olishadi. CNBC'ning xabar berishicha, endi navbat poylash va kassirlar xizmatlaridan foydalanishga hojat qolmaydi.
Yangi servis Scan & Go nomini olgan bo‘lib, u yanvar oyi oxiriga borib dunyoning eng yirik savdo tarmog‘ining 100 ta oziq-ovqat do‘konida paydo bo‘ladi, 2018 yil oxiriga borib esa ularning soni 200 taga yetadi. Dastlabki sinovlar Walmart'ning 25 supermarketida o‘tkazilmoqda. Xizmatdan foydalanish uchun Scan & Go ilovasini yuklab olish va xaridlar shtrix-kodlarini mustaqil ravishda skanerlash kerak. Shundan so‘ng "To‘lash" tugmasini bosishgina qoladi, do‘kondan chiqishda esa qo‘riqchilarga raqamli kvitansiyani ko‘rsatishgina qoladi.
Kroger oziq-ovqat giganti o‘zining 400 do‘konida shunga o‘xshash tizimni joriy qilmoqchi. Uning Scan, Bag, Go platformasi nafaqat mobil ilova, balki supermarketda aravacha bilan birga beriluvchi portativ skaner yordamida ham shtrix-kodlarni skanerlash imkonini beradi. Xaridlar uchun o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish maxsus kiosklarida hisoblashish mumkin bo‘ladi, u yerda darhol skanerlardan umumiy summa yechib olinadi. Keyinchalik biryo‘la ilova orqali to‘lash mumkin bo‘ladi.
Bunday tizim birinchi bo‘lib o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi Amazon Go do‘konlar tarmog‘ida o‘ylab topilgan. U juda qulay. Buning uchun shunchaki smartfondagi ilovani ishga tushirish kerak bo‘ladi, shundan so‘ng sun'iy intellekt mijoz rastalardan oluvchi barcha tovarlarni hisoblaydi. Xaridor ketayotganida tizim pullarni avtomatik ravishda uning Amazon saytidagi hisobidan yechib oladi. Bunda sun'iy intellekt aqlli kameralar, mashina ta'limi va ko‘plab dastchiklarni ishga soladi. Natijada tizim alohida inson va u amalga oshirayotgan xaridlarni identifikatsiya qiladi. Shunday bo‘lsa-da, texnik qiyinchiliklardan keyin kompaniya to‘liq robotlashtirilgan do‘konlar ochilishini kechiktirishiga to‘g‘ri keldi.