Helite kompaniyasi insonlar uchun xavfsizlik yostiqchasi yaratdi

Fan-texnika 19:03 / 08.01.2018 7416

Avtomobillarning xavfsizlik yostiqchasi allaqachon sizu bizning hayotimizning bir bo‘lagiga aylanib ulgurgan, lekin insonlar uchun xavfsizlik yostiqchasi — chindan ham yangilik. Las Vegas (AQSh)da o‘z eshiklarini tashrif buyuruvchilarga ochgan har yili o‘tkaziladigan an'anaviy CES 2018 ko‘rgazmasida Fransiyaning Helite kompaniyasi o‘zining yangi ishlanmasi — xuddi avtomobillarga o‘rnatiladigani singari xavfsizlik yostiqchasiga ega kamarni namoyish etdi, deb yozadi Hi-News.

Helite uzoq yillardan beri turli shakl va maqsadlar uchun: kichikroq samolyotlar uchuvchilari, mototsiklchilar hattoki chavandozlar uchun xavfsizlik yostiqchalari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Bu yil ular xavfli hobbi va sportning ekstremal turlari bilan shug‘ullanishni sevuvchilar uchun xavfsizlik yostiqchalarining yangi avlodini anons qilishgan edi. Yangilikka Hip’ Air deb nom berildi, uning vazni 1 kilogramm, tashqi ko‘rinishidan oddiy kamarni eslatadi, biroq u insonning yiqilishiga darhol reaksiya ko‘rsatib, beli atrofida shishiriladigan xavfsizlik yostiqchasi hosil qiladi.

O‘rtacha olganda, insonning keskin yiqilishi ham 400 millisekund vaqtni talab qiladi. Hip’ Air’da o‘rnatilgan yuqori aniqlikdagi giroskoplar va akselerometrlar 200 millisekunddan so‘ng yiqilishni qayd etish imkonini beradi, xavfsizlik yostiqchalarining havo bilan to‘ldirilishi yana 80 millisekund vaqtni oladi. Shu qisqa vaqt sportning ekstremal turlari bilan shug‘ullanuvchi insonlarda bel va umurqtaning jiddiy talofatga uchramasligini ta'minlash uchun yetarli. Bosh esa, tabiiyki, xavfsizlik shlemi va boshqa qurilmalar bilan himoyalangani ma'qulroq.

Qurilma Yevropa hududida shu yilning martidan boshlab savdoga chiqariladi, AQShda esa keyinroq — sentabrdan sotila boshlaydi. Xavfsizlik yostiqchasining narxi biroz chaqib oladi — 790 dollar. Foydalanganidan so‘ng uni yana zaryadlashni istasangiz yana har safar 50 dollar sarflashga to‘g‘ri keladi. Qimmat deysizmi? Albatta qimmat, lekin salomatlik bunda ham qimmatroq-ku?

Ko‘proq yangiliklar: