Kichik oqqushlar raqsi. 2018 yilda neft narxi nimalarga bog‘liq bo‘ladi?  

Iqtisodiyot 09:00 / 04.01.2018 15020

Neft bozori istiqbollari muhokama etilganida, asosiy savol shundan iborat bo‘ladiki, 2018 yilda barrel narxi 60 dollardan yuqorida turadimi yoki yana pastga qarab sho‘ng‘iydimi. Yangi yilda kim g‘alaba qozonadi - «buqalarmi» yoki «ayiqlar»?

2018 yilda neft narxini baholash uni kim e'lon qilishiga bog‘liq. Rossiya Bankining fikricha, 2018 yilda neftning o‘rtacha narxi bir barrel uchun 55 dollarni tashkil etadi va bu Citigroup hamda Barclays taxminiga o‘xshash. Goldman Sachs Group Inc 62 dollarlik darajani taxmin qilayotgan bo‘lsa, UBS va Credit Suisse – 60 dollar.

Bir tomondan talab va taklif muvozanatiga 2017 yilning 2-choragida erishildi hamda xom neftning ortiqcha hajmlari mavjud emas, boshqa tomondan bozor «slanets inqilobi»ni yodda saqlab turibdi, uni Yevropa kompaniyalari go‘yoki e'tiborga olishmadi. Shuningdek, Yaqin Sharq mamlakatlari narx dempingini juda osonlik bilan boshlashmoqda, bu boshqa o‘yinchilardan ulushni tortib olish uchun kerak bo‘lyapti.

Biroq, neft bozori 2018 yilda, katta ehtimol bilan, 2017 yil dinamikasini davom ettiradi hamda kichik miqdorda ko‘tariladi, bir yildan keyin esa 200 kunlik o‘rtacha narx bir barrel uchun 65 dollarni tashkil qilishi mumkin. Aynan shunday ssenariy yuz berishi ehtimolga juda yaqin, neft narxining pasayishi yoki bir barrel uchun 40 dollarlik darajaga tushishi esa ishonib bo‘lmas holatdir.

Matematika nuqtai nazaridan, neft bozori – bu murakkab dinamik tizim bo‘lib, unda ko‘plab jarayonlar bor, aynan esa: investitsiya davrlari, qidiruv va konlarni o‘zlashtirish muddatlarining har xil ekani, talabning mavsumiyligi, jahon iqtisodiyoti o‘sish sur'atlarining notengligi, yetakchi markaziy banklarning monetar davrlari, neft fyucherslari va moliya bozorlar harakatining klasterlari, geosiyosat hamda ishlab chiqaruvchilarning raqobat kurashi. Shuning uchun neft narxini taxmin qilish mushkul. 

Neft taklifini boshqarish

2016 yilning noyabrida OPeK davlatlari neft qazib olish hajmini sutkasiga 32,5 mln barrellik daraja bilan cheklashga kelishib oldilar. Bu bitimga kartelga kirmaydigan yana 11 mamlakat qo‘shildi, natijada neft qazib olishni sutkasiga 1,8 mln barrelga qisqartirishning uddasidan chiqildi. 

30 noyabr kuni Venada OPeK+ vakillari neft qazib olish hajmini 2018 yilning oxiriga qadar uzaytirish haqida qaror qabul qilishdi. Shunda pasaytirishga o‘ynash hozircha hech kimda amalga oshmasligi ma'lum bo‘ldi. Neftning katta hajmiga ega davlatlarda kelishuvga rioya etish bo‘yicha tabiiy sabablar bor. Masalan, byudjyet yo‘qotishlari o‘rnini to‘ldirish. OPeK bosh kotibi Muhammad Barkindoning so‘zlariga ko‘ra, kartelga kiruvchi mamlakatlar 2015-2016 yillarda neft narxining tushib ketishi tufayli 1 trln dollardan ortiq eksport foydasidan quruq qolishdi. 

Saudiya Arabistonidan so‘ng OPeKdagi neftning katta hajmiga ega davlatlar ro‘yxatida ikkinchi va uchinchi o‘rinni egallab turgan Eron hamda Iroq, shuningdek Liviya, Nigeriya, Venesuela, qazib olishning maksimal quvvatlariga yetishdi hamda ularda ishlab chiqarishni kengaytirish uchun pul yo‘q. Bundan tashqari, Eron 2018 yilda AQSh tomonidan bosim ostida qolmoqda va u «yadroviy kelishuv»dan chiqishi mumkin. Bu hamda mamlakatda kuzatilayotgan norozilik namoyishlari yakunda yangi geosiyosiy hamda iqtisodiy muammolarga olib kelishi ehtimoldan xoli emas. Iroq esa hamon terrorchilardan qutulish payida bo‘lib, Iroq Kurdistoni bilan bog‘liq mushkul masala qarshisida ham qoldi – Kirkuk viloyatidagi yirik konlar uchun bahs yana tiklanishi mumkin.

Saudiya Arabistoni narxni 60 dollar va undan yuqori darajada uzoq muddat ushlab turishdan hozircha manfaatdor. Buning ustiga, Saudiyaning o‘zidagi ichki muammolar (elita, shahzodalar, milliarderlar bilan bog‘liq korrupsiya mojarosi) geosiyosiy tahdidlar omili hisoblanadi.

Aynan shuning uchun 2018 yilda neft taklifi vaqti-vaqti bilan tanqis bo‘lishi borasida xatarlar paydo bo‘lishi mumkin. Biroq, saudiyaliklar bir necha bor qisqa muddatli demping hamda narxni pasaytirishdan o‘z dushmanlariga qarshi «qurol» sifatida foydalanishlari mumkinligini ko‘rsatib berishdi, shuning uchun neft kotirovkalari o‘zgarishi katta bo‘lishidan qochib bo‘lmaydi.

Oqqushlar ko‘li

Odatda taxminlarda «qora oqqushlar» tilga olinadi – oldindan bashorat qilinishi mushkul bo‘lgan muhim omillar yig‘indisi. Ular bozordagi vaziyat hamda hozirgi trendlarning kutilmagan va jiddiy o‘zgarishlariga olib kelishi mumkin. Neft «qora oltin» deb atalgani tufayli, oqqushlarni boshqa ranglar bilan belgilaymiz. 2018 yilda ularning soni bir qancha bo‘ladi.

«Qizil oqqush». 2018 yilning yanvaridan neft uchun yuanlarda fyuchers shartnomalari bilan savdo qilish boshlandi. Xitoy tovar bozorlarida hisob-kitob qilish uchun asosiy valyuta bo‘lgan dollar monopoliyasini buzmoqchidek tasavvur uyg‘onadi. Aslida Xitoy butun jahondagi neft importining atigi 17,3 foiziga ega, bu esa 116 mlrd dollarga teng - moliyaviy bozorlardagi trillionlab hajmlar bilan taqqoslaganda juda oz miqdor. Neftning yuanlar bilan savdosi dollarga biroz soya solsa ham, inqilobga hali juda uzoq. Bu faqat Xitoyning to‘lov balansini yaxshilaydi. Muammo boshqa narsada. Neft kotirovkalarida endi nafaqat xom neft zaxiralari hajmi, talab va taklif aks etadi, balki dollar/yuan valyuta kursi, Xitoy moliya va kredit bozori holati, shuningdek kapitallar oqimining yo‘nalishi ko‘rsatiladi. Bu neft kotirovkalariga qanday ta'sir qilishi esa biroz tushunarsiz.

«Yashil oqqush». So‘nggi o‘n yilda haqiqiy tovar bozorlarini moliyaviyga asta-sekin aylanishi yuz berdi, endi xomashyo uchun narxlar alohida davlatlar valyutasining AQSh dollariga nisbatan kuchli yoki kuchsiz ekani bilan belgilanmoqda. Shuning uchun AQSh monetar siyosati kuchayadigan bo‘lsa, bu nafaqat global moliyaviy bozor, balki neft bozoriga ham kuchli zarba bo‘lib tushadi. 

«Kul rang oqqush». Slanetsli neftni qazib olish an'anaviy neft bozori uchun asosiy muammo sanaladi. Aynan AQShdagi slanets «inqilobi» 2014-2015 yillarda neft kotirovkalarining tushib ketishiga olib keldi. Biroq vaqt shuni ko‘rsatdiki, slanetsli neft ham past kotirovkalarni yoqtirmas ekan. Barcha konlar narx bir barrel uchun 60 dollarlik darajada bo‘lsa ham samarali emas, slanets kompaniyalar qayta kreditlangan, sarf-xarajatlarni kamaytirish uchun imkoniyatlar yo‘q, moliyaviy sarmoyadorlar esa daromad ko‘rishni xohlaydi.

«Elektroqqush». Elektrmobillar benzinli yoki dizelli avtomobillarni tez orada almashtirishi, neft mahsulotlari uchun talab keskin tushishi bilan bog‘liq gap-so‘zlarga qaramay, aslida holat bir muncha boshqa ko‘rinishda. Har kuni sayyora yo‘llariga chiquvchi 1 mlrd avtomobil ichida elektrmobillar soni faqatgina 2 milliontani tashkil etadi. Ularning soni oshishi energetika muammolari va akkumulyatorlar ishlab chiqarish bo‘yicha cheklangan quvvatlarga bog‘liq. 2030 yilga kelib, oddiy avtomobillar soni 1,5 mlrd.ga yetishi mumkin.

Asosiy xatar

Shuni yoddan ko‘tarmaslik kerakki, aytib o‘tilgan barcha holatlar bir lahzada geosiyosat bilan yo‘q qilinishi mumkin. Agarda Xitoy va AQSh o‘rtasida savdo urushi boshlansa, xalqaro savdo hajmi tushib ketadi hamda xomashyo uchun talab pasayadi, barcha bozorlardagi o‘zgarishlar/tebranishlar esa kuchayadi. Geosiyosiy xatarlarni kamaytirish uchun davlatlararo darajada jiddiy sa'y-harakatlar lozim, shuning uchun 2018 yilda neft narxi jahon siyosatiga chambarchas bog‘liq bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: