“Orlando va u yerdagi o‘zbeklar “Milton” to‘fonidan jabr ko‘rmadi” - Sohib Abbosxon

Jahon 20:55 / 11.10.2024 13113

Kuni kecha “Milton” to‘foni sodir bo‘lgan Florida shtatining Orlando shahrida minglab o‘zbekistonlik oilalar istiqomat qiladi. Kun.uz muxbiri bilan gaplashgan Sohib Abbosxon bu kabi to‘fonlar Atlantika qirg‘oqlarida har yili bo‘lishini aytdi. Unga ko‘ra, bu safar tabiiy ofatning kuchi kutilganidan ancha kam bo‘lgan, asosan Floridaning sohil bo‘yidagi hududlari jabrlangan.

Joriy yil 9 oktyabrdan 10 oktyabrga o‘tar kechasi AQSh janubi-sharqiga yopirilgan “Milton” to‘foni Floridaning markaziy qismi bo‘ylab o‘tdi. Natijada tornado hodisalari, kuchli yomg‘irlar oqibatida o‘nlab uylarni vayron qildi, millionlab xonadon va korxonalar elektr ta’minotidan uzilgan. “Milton” beshinchi toifali to‘fon sifatida boshlangandi, ammo quruqlikka yetib kelganida meteorologlar uning darajasini quyiroqqa tushirdi. Hozirda to‘fon allaqachon okeanga o‘tib, tarqab ketib bo‘ldi.

Kun.uz muxbiri Florida shtatining eng ko‘p o‘zbekistonliklar yashaydigan Orlando shahridagi yurtdoshimiz Sohib Abbosxon bilan bog‘lanib, tabiiy ofat haqida gaplashdi.

Qancha vaqtdan buyon AQShda yashaysiz? Bu kabi to‘fon, tornadolar kabi tabiat hodisalari AQShda, ayniqsa, okeanlar bo‘yida joylashgan shtatlarda qanchalik tez bo‘ladi, bunga aholining, jamiyatning munosabati qanday? Odamlarda qo‘rquv bo‘ladimi?

– Deyarli 8 yildan buyon Qo‘shma Shtatlardaman, Florida shtatiga ko‘chib kelganimga 4 yildan oshdi. Demakki ko‘proq vaqtim shu yerda o‘tgan. Atlantika okeaniga yaqinmiz – 60 mil (96,5 km). Dam olish kunlari “chorvoqqa chiqqandek” okeanga borib kelamiz.

Bunaqa hodisalar har yili bo‘ladi, ba’zi yillarda 2-3 marta ham bo‘ladi. To‘fonlarning darajalari bor. Masalan, bu “Milton” to‘fonini ham boshida yuqori – 5 daraja deb e’lon qilishdi. Keyin uni 1-darajaga tushirib qo‘yishdi. Lekin baribir odamlarni evakuatsiya qilishdi. Men uyimdan chiqmadim. Kecha kechqurun to‘fon boshlanganida ham tanishlarimni uyiga mashina borib keldim. Orlandoda bunchalik kuchli bo‘lmadi. Payshanba tongida biroz kuchaydi, shamolda ko‘chadagi ba’zi narsalar ag‘dargan ekan xolos.

Bunday tabiiy ofatlar vaqtida evakuatsiya – majburiy bo‘ladimi yoki xohlaganlar qolaveradimi?

– Ixtiyoriy bo‘ladi, lekin biror narsa bo‘lsa, javobgarlikni o‘zidan soqit qilish uchun ogohlantiriladi. Florida shtatining gubernatori Ron DeSantis ham OAV orqali, fuqarolardan chiqib ketishni qattiq iltimos qilib, e’lon berdi. Chiqib ketganlarning ko‘pligi tufayli yo‘llarda ham katta tirbandliklar bo‘ldi. Lekin bular hammasi ixtiyoriy bo‘ladi. Masalan, 2 yil oldin bo‘lgan "Ian" to‘foni Orlandoga kuchli ta’sir qilgan edi. Asosiy trassalardan boshqa kichik yo‘llarni 1 metrgacha suv bosgandi. Lekin bu safar Orlandoda hamma joy qup-quruq, daraxtlarning ba’zi kichik shoxlari singan xolos. Shtatning qirg‘oq hududlarida bir oz talafotlar bo‘lgan, lekin u ham kutilganidek juda katta zarar keltirmagan.

To‘fon bizning ustimizdan o‘tdi, shamol va yomg‘irlar bilan. Qo‘shnilarimizda oynalari ochilib ketdi. Lekin suv bosishlar kuzatilmadi. Yangiliklarda ko‘rganim, shtatda Cleanwater degan sohil hududi bor. U yerda bir kishi chiqib kuzatib turgan, u aytyaptiki “suv toshqini bo‘lishi uchun dastlab suv orqaga qaytishi kerak, keyin u ko‘tarilib birdan quruqlikni bosadi. Lekin, shunday bo‘lmagan, suv orqaga qaytmagan, men ham shu yerda kuzataverdim”, — dedi haligi kishi.

OAVda Orlandodagi Disney World'ni suv bosgani haqida xabarlari ham tarqaldi. Bular kuchli yomg‘ir natijasimi shunda?

– Menimcha, bu eski videolar bo‘lsa kerak. Chunki uyimning atrofini suv bosgani haqida eshitmadim ham, ko‘rmadim ham [keyinroq Floridada suv bosgan Disney World suratlari sun’iy idrok yordamida yaratilgani ma’lum bo‘ldi – Tahr.]. Florida qadimdan botqoqlik bo‘lgani uchun Orlando shahri ichida ham kichik ko‘llar juda ko‘p. Yomg‘ir bir sutkadan ortiq to‘xtovsiz yog‘di, lekin shunda ham suv toshgani haqida xabarlar bo‘lmadi.

Hukumat bu borada aholini ogohlantirishi 10 kun oldin boshlagan. Hamma joyda e’lonlar, xabarlar… Shaxsan gubernator juda qattiq iltimos qildi. Shundan keyin kommunal xizmatlar uchun javob beruvchi tashkilotlar katta safarbarlik e’lon qildi: daraxtlarning yo‘llarga, elektrga tutash shoxlarini kesishdi, kanalizatsiya trubalari suv ketishi uchun qarab chiqildi. Xullas yaxshi tayyorgarlik ko‘rildi, shuning uchun hammasi silliq o‘tdi bizda.

To‘fon bo‘lgan kuni kechasi uxlamadim. 2 marta chiroq o‘chdi, atayin sanab o‘tirdim. Birinchi holatda 2 sekundda yondi. Ikkinchisida 5 sekundcha ushlanib qolgandi, “mana, 8 yildan beri tok o‘chmagan edi, endi o‘chdi”, deb tursam, u ham yonib ketdi. Menimcha bu yerda favqulodda holatlarda bo‘ladigan liniya almashtirilgan.

Orlandoda minglab o‘zbekistonlik yurtdoshlarimiz istiqomat qiladi. Ular bilan to‘fonda baxtsiz hodisalar bo‘lgani haqida xabarlar yo‘qmi?

– Boshqa shtatdagi va yurtimizdagi ko‘pchilik tanishlarimiz chiqib bizdan hol-ahvol so‘radi, hammasidan minnatdormiz. Orlandodagi o‘zbeklarning ham o‘zaro guruhi bor, bu yerda ham hech kim muammoga duch kelgani yoki jabrlangani haqida yozilmadi. Lekin har xil Telegram guruhlar va izohlarda hamma qarg‘ab, “senlarni yer yutsin, suv yutib ketsin”, deb yotibdi. O‘rtoqlar, bu yerda, AQShda 200 mingdan ortiq o‘zbeklar bor, ularning oilasi va bola-chaqasi bor. 3,5 milliondan ortiq musulmonlar bor…

To‘fon Meksika ko‘rfazidan keldi. Boshida uning tezligi 200 mildan boshlangan edi, bizga kelib 75 milga tushishi aytilgandi. Lekin aslida bundan ham pastroq bo‘ldi shekilli tezligi. Hozir tarqab ham ketgan, hayot iziga tushmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: