LeEco xoldingi asoschisi Tszya Yuetin Pekin hukumatining 2017 yil oxiriga qadar Xitoyga qaytish va o‘z kompaniyasiga qarzlardan qutulishda yordam berishga doir talablarini rad etdi. Ishbilarmon AQShda qoldi, deb yozadi Bloomberg Yuetinning WeChat va Weibo'dagi bayonotiga asoslanib.
Yuetin bunday qarorini o‘zi sarmoyadorlik qilayotgan Faraday Future startapi uchun mablag‘ to‘plashni tugallash zarurati bilan izohladi. Kompaniya FF 91 elektrokari ustida ishlamoqda.
"AQShda Faraday Future uchun mablag‘ to‘plash sezilarli taraqqiyotga erishdi. FF 91elektrokarini seriyali ishlab chiqarish va o‘z vaqtida yetkazib berishni ta'minlash uchun ko‘p masalalarni hal qilishim kerak".
LeEco asoschisi Tszya Yuetin.
Yuetin akasi Tszya Yuemin va turmush o‘rtog‘i Gan Veydan Leshi Internet Information & Technology Corp. kompaniyasi (LeEco uning sho‘'ba korxonasi) manfaatlarini himoya qilishni so‘radi. Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, 2017 yilning 29 dekabrida Yuemin hukumat vakillari bilan uchrashib, ular bilan xolding muammolarini muhokama qilgan.
"LeEco qarzining salbiy ta'siri sabab juda afsusdaman va o‘zimni aybdor deb his qilmoqdaman", - qo‘shimcha qildi Yuetin. Ishbilarmon kompaniyaning moliyaviy muammolarini 2017 yilning iyulidagi muddatidan o‘tgan to‘lov bilan izohladi, uning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu to‘lov aktivlarning muzlashiga olib kelgan.
Yuetin shuningdek yolg‘on va soxta xabarlar ham biznesga salbiy ta'sir ko‘rsatganini qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shundan keyin kreditorlar va yetkazib beruvchilar bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgan.
Xitoyning qimmatbaho qog‘ozlarni tartibga solish bilan shug‘ullanuvchi komissiyasi 2017 yilning dekabr oyi o‘rtasida Yuetindan Xitoyga qaytishni talab qildi, u yil oxiriga qadar vataniga qaytishi kerak edi. Ishbilarmon Leshi'ga va'da qilingan kreditlarni taqdim etmadi, deya ma'lum qilgan komissiya.
Dekabr oyi oxirida Xitoy sudi Yuetinning bank hisob raqamlaridagi 1,3 million yuan (200 ming dollar) va uning boshqa aktivlar, shu jumladan ko‘chmas mulk va Leshi aksiyalari paketini ham hibsga oldi.
LeEco guruhi smartfonlar va boshqa elektronikani sotish, "Xitoy Netflix'i" deya e'tirof etilgan onlayn-kinoteatr va biznesning boshqa yo‘nalishlarini rivojlantirish bilan shug‘ullangan.
Yuetin biznesni rivojlantirish va tezkor xalqaro ekspansiya uchun salmoqli summalardagi kreditlarni jalb qilgan. 2016 yil oxirida xolding jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan. LeEco'ning kreditorlar oldidagi qarzi 10 milliard yuan (1,54 milliard dollar)ga yetdi.