O‘zbek so‘mi 2017 yilning eng qadrsiz valyutasi deya e'lon qilindi

Iqtisodiyot 02:27 / 30.12.2017 169050

2017 yilning eng qadrli va eng qadrsiz valyutalari reytingi Bloomberg tomonidan taqdim etildi. Unga ko‘ra, yilning eng ko‘p foyda keltirgan valyutasi Mozambik metikali, eng qadrsizi esa o‘zbek so‘mi bo‘lib chiqdi. 

Tahlilchilarning ta'kidlashicha, o‘tayotgan yilda kriptovalyuta egalari ham maksimal foyda olishgan. Jumladan, bitkoin 1500 foizli o‘sishni qayd etgan. 

Jahon valyuta bozori yetakchisi sifatida 21 foizli o‘sish bilan Mozambik metikali e'tirof etildi. Undan keyingi o‘rinlarda Chexiya kronasi va Polsha zlotiysi qayd etildi, ularning kursi 18 foizga ko‘tarilgan. 

Reytingga ko‘ra, eng qadrsiz valyuta deya o‘zbek so‘mi topilib, 2017 yilda uning kursi 60 foizga pasaygan. Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, 2017 yilning 5 sentabridan O‘zbekistonda «Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birlamchi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5177 sonli farmoni imzolandi va uning amalda qo‘llanilishi belgilandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari joriy xalqaro operatsiyalar bo‘yicha xorijiy valyutani tijorat banklaridan cheklanmagan miqdorda xarid qilishlari mumkin bo‘ldi. Markaziy bank AQSh dollari va boshqa xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan yangi qiymatlarini e'lon qilib, unga ko‘ra, 5 sentabrdan e'tiboran AQSh dollarning O‘zbekistondagi rasmiy kursi 8100 so‘mga teng bo‘lishi belgilandi, ya'ni, dollarning rasmiy kursi bir hafta ilgariga nisbatan 3889 so‘m 65 tiyinga oshdi.

O‘zbek so‘midan oldingi o‘rinda kelgan Kongo franki esa 27 foizlik pasayish ko‘rsatkichini qayd etgan. Shuningdek Tojikiston somoniysi ham eng qadrsiz valyutalar safida keltirilgan bo‘lib, uning kursi 10,7 foizga pasaygan.

Qimmatbaho qog‘ozlar orasidagi eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichlarini Gretsiya (60 foiz), Beliz (38,7 foiz) va Argentina (30 foiz) davlat obligatsiyalari qayd etgan. Eng kam foyda beruvchi qimmatbaho qog‘ozlar esa Venesuela davlat obligatsiyalariga tegishli - ularning qadri 55 foizgacha pasaygan.

Sarmoya indekslari orasida eng katta o‘sish ko‘rsatkichlari Ukraina UX'ga taalluqli - uning o‘sishi 80 foizni tashkil qildi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Qozog‘iston (+64 foiz) va Mo‘g‘uliston (+63 foiz) egallagan. Ro‘yxatning eng quyi satrida esa Pokiston nomi qayd etilgan bo‘lib, uning sarmoya indeksi 22 foizga pasaygan. 

Ko‘proq yangiliklar: