"O‘zto‘qimachiliksanoat" Assotsiatsiyasiga a'zo korxonalar ba'zi bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi

Iqtisodiyot 22:15 / 28.12.2017 6026

Bugungi kunga kelib, O‘zbekistonda ulkan ishlab chiqarish salohiyatiga ega bo‘lgan to‘qimachilik sanoati shakllantirilgan bo‘lib, uning tizimida qariyb 7 mingga yaqin korxona samarali faoliyat yuritmoqda. Shuningdek 1,4 million tonna hajmda paxta tolasini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan quvvatlar yaratilgan. Ushbu xomashyoning qariyb 60 foizi mamlakatimiz to‘qimachilik korxonalarining ehtiyojlarini qondirishga ishlatilmoqda. KUN.UZ muxbiri 28 dekabr kuni Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida to‘qimachilik va tikish-trikotaj sanoatining jadal rivojlanishiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida berilgan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

Avval "O‘zbekengilsanoat" AJ tarkibiga atigi 436 tashkilot kirgan bo‘lsa, endilikda "O‘zto‘qimachiliksanoat" Assotsiatsiyasiga to‘qimachilik sanoatining barcha korxona va tashkilotlari a'zo bo‘lishi mumkin. Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun qator afzalliklarni taqdim etadi. Jumladan, "O‘zto‘qimachiliksanoat" Assotsiatsiyasiga a'zo korxonalar import qilayotgan paxta, sun'iy va sintetik tola, jun, xomashyo hamda to‘qimachilik mahsulotlarini chiqarish uchun zarur bo‘lgan va respublikada ishlab chiqarilmaydigan boshqa materiallar uchun bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod qilinadi (bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish yig‘imlaridan tashqari). 

Bundan tashqari, "O‘zto‘qimachiliksanoat" Assotsiatsiyasiga o‘z a'zolarining manfaatlarida da'vo kiritish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar qarorlari, sud jarayonida mansabdor shaxslarning harakatlari yuzasidan davlat bojini to‘lamasdan shikoyat arizalarini uzatish huquqi taqdim etilgan. 

Shuningdek, matbuot anjumanida klasterlar yaratilishi to‘qimachilik sanoatini yanada rivojlanishining eng samarali shakllaridan biriga aylanishi alohida ta'kidlandi. Mazkur model paxta yetishtirish, unga birlamchi ishlov berish, so‘ng paxta tozalash korxonalarida qayta ishlash va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan tayyor to‘qimachilik mahsuloti ishlab chiqarishdan iborat bo‘lgan yagona ishlab chiqarish davrini yaratishni nazarda tutadi. Ushbu vazifadan kelib chiqib, Navoiy viloyatida tashkil etilgan tajriba-sinov natijalarini hisobga olgan holda, o‘rta muddatli istiqbolda paxta-to‘qimachilik klasterlarini rivojlantirish Kontseptsiyasining loyihasi ishlab chiqilmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: