Jizzakh Petroleum AYoQSh tarmoqlari import bo‘yicha olib kiriladigan benzinni sotadi

Iqtisodiyot 17:40 / 28.12.2017 21841

«O‘zbekneftegaz» aksiyadorlik kompaniyasi ishtirokida ta'sis etilgan Jizzakh Petroleum qo‘shma korxonasi import bo‘yicha olib kiriladigan hamda Yevropa sifat va standartlariga to‘liq javob beradigan Ai-92, Ai-93, Ai-95 va Ai-98 markadagi avtobenzin hamda dizel yoqilg‘isini erkin narxlarda ixtisoslashgan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i orqali sotmoqda.

«O‘zbekneftegaz» axborot xizmatining xabar berishicha, qo‘shma korxona tomonidan Ai-92, Ai-93, Ai-95, Ai-98 markadagi benzin va dizel yoqilg‘isini sotish mexanizmi AYoQSh tarmoqlaridan foydalangan holda hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri oldi-sotdi shartnomalari yoki birja savdolari orqali erkin tijorat narxlarida sotishni o‘z ichiga oladi.

Ta'kidlanishicha, neft mahsulotlari bozoridagi iste'molchilar uchun taklif etilayotgan yangi turdagi mahsulot jahon sifat standartlariga to‘liq javob beradi. Yaqin kunlarda AYoQShlarda import bo‘yicha olib kirilayotgan etillanmagan AI-95 va AI-98 benzin yoqilg‘isi hamda 3 ekologik toifadagi Yevro dizel yoqilg‘isi sotilishi ko‘zda tutilmoqda.

Ushbu tadbir aholiga iste'mol xizmatlari ko‘rsatishni yanada yaxshilashga qaratilgani hamda O‘zbekistonda neft va gaz sektorining jadal rivojlanayotganligini namoyish etishi aytiladi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oxirlarida Jizzax viloyatida qiymati 2,2 mlrd dollar bo‘lgan yangi neftni qayta ishlovchi majmua qurilishi boshlandi. Qurilishni 2021 yilga qadar tugatish rejalashtirilmoqda.

Zavodni Jizzakh Petroleum hamda Gas Project Development Central Asia (Gazprom International’ning tuzilmasi, 40 foiz) boshqaradi. «Gazprombank» guruhi tomonidan nazorat qilinuvchi Enter Engineering kompaniyasi bosh pudratchi bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: