Qoyilmaqom o‘nlik. Qayta-qayta xarid qilgingiz keladigan avtomobillar – fotojamlanma

Fan-texnika 00:37 / 24.12.2017 45380

AQSh iste'molchilar ittifoqi o‘z egalarining eng yuqori bahosiga loyiq topilgan transport vositalarining reytingini e'lon qildi, deb yozadi Forbes.

Consumer Union (AQSh iste'molchilar ittifoqi) notijorat tashkiloti o‘z egalari tomonidan yuqori baholangan avtomobillar reytingini e'lon qildi. TOP-10 yarim milliondan ortiq mashina ichidan tanlab olingan. Transport vositalari quyidagi jihatlariga ko‘ra tanlangan: boshqarish osonligi, qulaylik, dizayn, qoldiq qiymati, audio va iqlim qurilmasining sifati. Egalariga berilgan bosh savol esa «Yana xuddi shu avtomobilni xarid qilgan bo‘larmidingiz?» bo‘lgan.

 

Tesla Model S

Foto: Forbes

Tesla Motors bilan bog‘liq qator mashmashalarga qaramasdan, ilk elektrokar hamon ommaning favoritlari ro‘yxatida turibdi. Egalari bir zaryadlash bilan yo‘l bosishning ancha zaxirasiga ega bo‘lish, mashinaning a'lo darajadagi dinamikligi va foydalanishdagi qulayliklari, jumladan, ikkita bagaj bo‘lmasini qayd etishgan. Kamchiliklari orasida yo‘ldagi boshqaruvdan chalg‘ituvchi old paneldagi katta sensor ekrani va sovuq fasllarda yurish masofasining qisqarib ketishi tilga olingan.

 

Porsche 911

Foto: Forbes

Afsonaviy sportkar o‘zining ajoyib boshqarilishi va dinamikasi bilan egalarini xursand qilishi kutilgan edi. Unchalik yirik bo‘lmagan, past avtomobilda uzoq masofaga yo‘l bosish kishini charchatmaydi: salonning ergonomikasi joyida, shovqin darajasi ham yuqori emas. Xuddi mexanik uzatmalar qutisi kabi poyga «zavqi»ni bera oladigan avtomatik uzatmalar qutisi ham maqtovlarga loyiq ko‘rilgan.

 

Chevrolet Corvette

 

Foto: Forbes

Amerikancha sportkar — salonga amallab kirib olinsa-da, shiddatli harakat ixlosmandlari uchun. Mashina shu qadar pastki, egalari uning ichiga kirib olish uchun akrobatik ko‘nikmalarni hosil qilish kerak. Lekin barcha noqulayliklari va yomon tovush izolyatsiyasini 650 ot kuchiga ega dvigatel bosib ketadi.

 

Lincoln Continental

Foto: Forbes

Flagman sendan narx/sifat mutanosibligiga juda mos keladi — uning narxi klasi pastroq ba'zi raqobatchilariniki singari, salonining bezagi va jihozlanishi esa — premial modellarnikidan qolishmaydi. 3 litrli, quvvati 400 ot kuchiga teng dvigatel sokin va bir maromdagi harakat uchun mo‘ljallangan. Avtomobilda orqa o‘rindiqdagi yo‘lovchilarning qulay joylashuviga alohida urg‘u berilgan.

 

Ford F-350

Foto: Forbes

O‘zidan oldin ishlab chiqarilgan mashinalarning eng yaxshi an'analari bo‘lmish ishonchlilik va yuk ko‘tarish qobiliyatini saqlab qolgan yangi F-350 bunga qo‘shimcha ravishda stilli tashqi ko‘rinish va vaznini kamaytirishga izn bergan yuqori texnologiyalarga ega. F-350 eng mashaqqatli sharoitlarda ishlay olishi bilan muxlislarining muhabbatiga sazovor bo‘lgan.

 

Mazda MX-5 Miata

 

Foto: Forbes

Rodsterning to‘rtinchi avlodi Mazda’ning original formulasiga sodiq qolgan: u o‘zi singarilar ichra eng kuchli avtomobil emas (bor-yo‘g‘ri 155 ot kuchi), lekin u ajoyib boshqarilish va yoqilg‘ini iqtisod qilish qobiliyatiga ega. Taassurotlarga haddan tashqari shovqinli ekanligi va o‘rindiqlarining tor ekanligi rahna soladi — mashina uzoq yo‘l bosish uchun aslo to‘g‘ri kelmaydi.

 

Toyota Prius

 

Foto: Forbes

Ushbu model yoqilg‘ini iqtisod qilish maqsadida o‘ylab topilgan va yangi Prius buni o‘zidan avvalgi avlodlardan ko‘ra yaxshiroq uddalay boshlagan. Egalari gibrid qurilmaning o‘ta ixchamligi, boz ustiga, avtomobilning birmuncha dinamik va qulay bo‘lganini qayd etishgan.

 

Tesla Model X

 

Foto: Forbes

Elektr yo‘l tanlamas mashina, avvalo, futuristik va chiroyli ko‘rinishga ega, uni ixcham va qulay deyishga til bormaydi. «Baliqchi qush qanoti» sxemasida ochiluvchi yirik eshiklar kishida taassurot qoldiradi, lekin ularning ochilish va yopilishi haddan ziyod ko‘p vaqtni oladi. Model S ga nisbatan yo‘lovchilar uchun qulaylik bir muncha pasaytirilgan. Lekin nima bo‘lganda ham u dunyodagi eng tezkor krossoverlardan sanaladi va ko‘rinishi ham binoyidek.

 

Honda Odyssey

 

Foto: Forbes

Oilaviy minivenning 3,5 litrli, 280 ot kuchiga ega dvigateli «xunob» qilmaydigan avtomatik uzatmalar qutisi bilan yaxshi dinamikani ta'minlaydi. Mashinani shahar ichida ham, trassada ham boshqarish qulay. Sig‘imli salon yaxshi o‘ylangan, ko‘ngil ochuvchi tizim haqida ham shunday deyish mumkin. Lekin mashinaning imkoniyatlari to‘liq uzatma yo‘qligi sababli chegaralangan.

 

Dodge Challenger

 

Foto: Forbes

Eski maktablar an'anasiga xos bo‘lgan maslkar Hellcat butlovchisi bilan aqlni shoshiradi: 6,2 litrli ichki yonuv dvigateli 808 ot kuchiga ega. Amerikancha sportkarga xos ravishda model burilishlardan aniq o‘ta olmasa-da, unga tekis va ravon yo‘lda teng keladigani yo‘q. Birmuncha qattiq ulanma pedali va uzatmalar qutisi richagi, shuningdek, shovqindan himoyalanganligi «rasvo» bahosini olgan. Lekin u afsona sanaladi va xaridorlar baribir uni sevishadi.

Ko‘proq yangiliklar: