Banklarda masofadan xizmat ko‘rsatish tizimlari keng joriy qilinadi

Iqtisodiyot 19:43 / 22.12.2017 10737

2018 yilda bank mijozlari bo‘lgan jismoniy shaxslarni ro‘yxatga olish va ularga xos raqam berishni joriy qilish orqali Bank depozitorlarining milliy axborot bazasini (BDMAB) modernizatsiyalash rejalashtirilgan. Markaziy bank shu mavzudagi ma'lumotlari bilan bo‘lishdi

Mobil tizimlarning funksional imkoniyatlarini kengaytirish, o‘z navbatida, foydalanuvchilarni masofadan identifikatsiya qilish tizimlarini rivojlantirish zaruriyatini yaratadi. Masofadan identifikatsiya qilish bank xizmatlarini soddalashtirgan holda, bank operatsiyalarini nazorat qilish talablarini ta'minlaydi. Mijozlar uchun esa bank xizmatlaridan qog‘oz hujjatlarni qayta taqdim etmagan holda foydalanish, bankning bir filiali mijozi bo‘la turib, boshqa filiallari va kelajakda, boshqa bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini beradi. 

Masofaviy identifikatsiya qilish bank xizmatlari tannarxi kamayishi natijasida yangi mijozlarni jalb qilish hamda moliya bozorida raqobatni rivojlantirish imkoniyatini beradi. Natijada bu ishlarni yo‘lga qo‘yish bank daromadini oshirishga ham turtki bo‘ladi.

Jismoniy shaxslarga xos raqam ajratish “Elektron hukumat” tizimi uchun ham dolzarb bo‘lib, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqamini identifikator sifatida axborot tizimlariga joriy etish taklif qilinmoqda.

Masofaviy bank xizmatlarini (mobil-banking, internet-banking) keng joriy qilish, o‘z navbatida, yangi bank xizmatlari bo‘yicha tegishli marketing ishlarini olib borilishini taqozo etadi. Xorijiy amaliyotda, internetning interaktiv imkoniyatlaridan foydalanuvchi banklar ijtimoiy tarmoqlarda faol reklama kampaniyalarini olib boradi.

Respublikada faoliyat yuritayotgan tijorat banklari ijtimoiy tarmoqlardan bank mahsulotlari va xizmatlari bo‘yicha marketing ishlarini olib borish uchun foydalanishmoqda. Banklar tomonidan (Hamkorbank, Universalbank, Kapitalbank, Agrobank) ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan akkauntlar bank mahsuloti va xizmatlari bo‘yicha marketing ishlarini olib borishning asosiy vositasi bo‘lib, mijozlar bilan o‘zaro aloqa o‘rnatish, mijoz to‘g‘risida kerakli ma'lumotni yig‘ish, mijozlarni qo‘llab quvvatlash sifatini oshirish uchun xizmat qilmoqda.

Misol uchun, Agrobank va Hamkorbank ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z mobil ilovalarini doimiy ravishda taqdim qiladi va qayta aloqa sifatida foydalanuvchilarning taklif va e'tirozlari ijtimoiy tarmoqda bildiriladi. Natijada foydalanuvchilarning, ya'ni bank mijozlarining istaklariga operativ ravishda javob beriladi, zarur hollarda tadbirlar amalga oshiriladi. Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlar banklar uchun mijozlar bilan aloqa qilishning muhim vositasi hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: