AQShning Apple korporatsiyasi iPhone smartfonining avvalgi modellari ishlashini ataylab sekinlashtirishini tasdiqladi. Bu haqda The Wall Street Journal nashri xabar bermoqda.
Nashrning ma'lum qilishicha, Apple vakillari buni foydalanuvchilar haqida qayg‘urishlari bilan tushuntirishgan. Ularning aytishicha, smartfonlarda o‘rnatilgan litiy-ion akkumulyatorlar vaqt o‘tgani sari kuchini yo‘qotadi. Shu sababli ularning quvvati, misol uchun smartfonni sovuq havoda ishlatish vaqtida yetmasligi va buning oqibatida qurilma birdan o‘chib qolishi mumkin.
Bu yuz bermasligi uchun Apple kompaniyasi iOS operatsion tizimiga o‘zgartirishlar kiritgan. Bu o‘zgartirishlar evaziga ba'zi dasturlar quvvat yetmaganda bajarilishi sekinlashgan. Ushbu o‘zgarishlar iPhone 6, 6s va SE modellariga taalluqli bo‘lgan, operatsion tizim yangilanishi bilan iPhone 7’da ham paydo bo‘ladi.