Quyosh energiyasi va vodorod ekologik sof energiya manbalari bo‘lib, nazariy jihatdan insoniyatning barcha energetik ehtiyojlarini qondirishi mumkin. Biroq bu manbalarning o‘z muammolari va cheklovlari mavjud. AQShning muhandislik va amaliy fanlar Kolumbiya maktabi olimlari quyosh energiyasi va vodorodning ustun jihatlarini birlashtirishga imkon beruvchi usulni taklif qilishdi. Bu haqda Science Daily nashrida ma'lum qilindi.
Ayni vaqtda vodorod yonilg‘isining ishlab chiqarilishini ekologik sof deb bo‘lmaydi, chunki uni olishda metan bug‘lari konversiyasi asosiy usul hisoblanadi. Bu usulda atmosferaga karbonat angidrid gazi chiqariladi. Bu orada suvning elektrolizi, ya'ni elektr ta'sirida kislorod va vodorodga parchalanishi bezarar hisoblanadi. Olimlar elektroliz uchun quyosh energiyasidan foydalanishga qaror qilishdi.
Professor Daniel Espozito boshchiligidagi olimlar jamoasi fotogalvanik ta'minotli elektrolitik qurilmani yaratishdi. Bu qurilma ochiq dengizda suzgan holda avtonom platforma sifatida ishlashi mumkin. Ushbu qurilma dengizdagi neft platformalariga o‘xshaydi, biroq neft o‘rniga dengiz suvini tortib oladi. Aynan shu suvdan quyosh energiyasi hisobiga vodorod olinadi.
Suvning elektrolizi uchun zamonaviy qurilmalarda qimmat turuvchi membranalar qo‘llanadi. Olimlar o‘zgacha usul taklif qilishmoqda. Bu usul vodorod pufakchalarining suvda suzuvchanligiga asoslangan. Faqat bir tomonidan katalizator bilan qoplangan maxsus elektrod elektrolitlarni faol ko‘chirmagan holda vodorod va kislorodni parchalab, ularni to‘playdi. Vodorod pufakchalari sirtda yetarlicha kattalikka kelganda, ajralib chiqib, vodorodni to‘plashga mo‘ljallangan yuqori kameralarga suzib chiqadi. Bunda olingan vodorod sofligi 99 foizni tashkil qiladi.
Membranalardan voz kechish nafaqat qurilmani arzonlashtiradi, balki uning xizmat muddatini oshiradi, chunki qurilmaning bu qismi ifloslanishlarga ta'sirchan va osongina yemiriladi. Turli qorishmalar va mikroorganizmlarga ega bo‘lgan dengiz suvlari sharoitida membranali qurilmalarni qo‘llash maqsadga muvofiq kelmaydi.
Olimlar yaratgan tizimning arzonligi va uzoq muddat ishlashi uni sanoatga tatbiq qilish istiqboliga ega. Keyinchalik quyosh energiyasi va dengiz suvi yordamida vodorod olishga mo‘ljallangan butun bir okean zavodlarini qurish mumkin. Bunday zavodlar quruqlikdagi maydonlarni egallamay, ichimlik suvi tanqisligini keltirib chiqarmagan bo‘lardi. Olingan vodorodni stansiyalarda saqlash yoki sohilga quvurlar orqali yetkazish mumkin bo‘lardi.