BMW Chexiyada elektromobillar uchun 100 mln dollarlik sinov trassasini qurmoqchi

Fan-texnika 10:18 / 16.12.2017 6169

BMW kompaniyasi haydovchisiz avtomobillar va elektromobillar sinaladigan poligon qurish uchun 100 mln dollardan ko‘proq mablag‘ sarflaydi. Majmua Chexiyaning Germaniya bilan chegarasi yaqinidagi Sokolov shahrida 500 gektarlik maydonda, BMW Group’ning istiqbolli tadqiqotlar markazi yaqinida quriladi. Sinov trassasi 2020 yildan ishlashni boshlashi kutilmoqda.

Kompaniyada ta'kidlanishicha, BMW’ning Myunxen yaqinidagi, Fransiya va Shvetsiyadagi amaldagi sinov trassalari elektr va haydovchisiz avtomobillarni sinash talablariga javob bermaydi.

Ayni vaqtda Chexiya hukumati va BMW Group ushbu loyiha yuzasidan hamkorlik haqidagi kelishuvni tayyorlashmoqda. BMW’ning Sharqiy Yevropadagi ilk sinov trassasi mahalliy aholi uchun bir necha yuz yangi ish o‘rni yaratadi va kompaniyaga mablag‘larni tejashga imkon beradi, chunki Chexiyada obektni qurish va unga xizmat ko‘rsatish Germaniyadagidan arzonroqqa tushadi. 

Poligonni qurish loyihasi kompaniyaning 2025 yilgacha haydovchisiz, gibrid avtomobillari va elektromobillari qatorini rivojlantirish rejasining bir qismi hisoblanadi. Ma'lum qilinishicha, marka bu vaqt ichida 25 ta yangi model ishlab chiqaradi, ulardan yarmi to‘liq elektr dvigatellar bilan jihozlanadi. Kompaniyaning birinchi haydovchisiz mashinasi – iNEXT 2021 yilda paydo bo‘ladi. 

BMW’ning bo‘lg‘usi elektrokarlari negizida HEAT (High-integrated Electric Drivetrain) arxitekturasi yotadi. Bu arxitektura elektromotor, uzatmalar qutisi va elektron komponentlarni bir alyuminiy blokiga birlashtirishni ko‘zda tutadi. 

Ko‘proq yangiliklar: