500 mln dollar. XXR kompaniyasi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga sarmoya kiritadi

Iqtisodiyot 12:20 / 15.12.2017 10760

Xitoyning eng yirik kompaniyalaridan biri «Wanbang» O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga yarim milliard dollar sarmoya kiritish haqidagi bitimni imzoladi, deb xabar bermoqda Nuz.uz «Oziq-ovqat xolding»ga tayangan holda.

5-12 dekabr kunlari Xitoyning Xenan viloyatida joylashgan «Wanbang» kompaniyasi rahbari O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi Baxtiyor Saidov tavsiyasiga ko‘ra O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Kompaniya vakillari Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida bo‘lib, O‘zbekiston bilan sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish hamda rivojlantirish niyatida ekanliklarini bildirishdi.

«Wanbang» kompaniyasi tashrif yakunlari bo‘yicha «Oziq-ovqat xolding» bilan 15 dan ortiq loyihani birgalikda amalga oshirish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Hamkorlik qishloq xo‘jaligi, shu jumladan, chorvachilik mahsulotini ishlab chiqarish, qayta ishlash va qadoqlash, shuningdek, tayyor mahsulotni eksport, import va reeksport qilish bo‘yicha yo‘lga qo‘yiladi. Bu loyihalarni amalga oshirish uchun 500 million dollar investitsiya jalb etiladi. Bitim «Henan Wanbang Selected Supply Chain Management Co.Ltd», O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda «Oziq-ovqat xolding» o‘rtasida imzolandi. Imzolangan bitim doirasida O‘zbekistondagi erkin iqtisodiy zonalarda 10 ming gektarlik maydonda logistika markazlari hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha obektlarni qurish ham nazarda tutilgan. Bundan tashqari, Xitoyga 100 ming tonna mosh yetkazib berish rejalashtirilmoqda.

«Wanbang» kompaniyasi Jyengjou shahrida umumiy maydoni 40 ming kvadrat metr bo‘lgan eng yirik logistika markazini qurgan, u qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ulgurji sotishga ixtisoslashgan. Ushbu logistika markazida 6500 kompaniya o‘z faoliyatini olib boradi, 150 mingdan ortiq sotuvchilar ishlaydi, ular uchun barcha sharoitlar yaratilgan, jumladan, ko‘p qavatli uylar qurib berilgan. Kompaniya jahonning 50 dan ortiq davlatlari bilan hamkorlik qiladi va Xitoy oziq-ovqat bozorining 37 foizini nazoratda ushlab turadi.

Ko‘proq yangiliklar: