Kompyuter sichqonchasi haqida siz bilmagan qiziqarli faktlar

Fan-texnika 22:37 / 09.12.2017 74517

9 dekabr kompyuter sichqonchasining “tug‘ilgan kuni” hisoblanadi. 1968 yilning aynan shu kuni Stenford tadqiqot instituti xodimi Duglas Engelbart sichqonchani San-Frantsiskodagi hisoblash texnikasi bo‘yicha anjumanda taqdim qilgan.

Quyida kompyuter sichqonchasi haqida qiziqarli faktlar keltirilgan:

Kompyuter sichqonchasiga NASA tomonidan buyurtma berilgan. Koinot agentligi hisoblash tizimlari bilan ishlashni soddalashtirish usulini izlagan. Biroq sichqoncha agentlik mutaxassislarini qoniqtirmagan, chunki u bilan vaznsizlikda ishlashning iloji bo‘lmagan.

Engelbart unda sichqonchani yaratish g‘oyasi paydo bo‘lishidan avval boshning harakatlariga monand kursorni harakatlantiruvchi maxsus niqobni qo‘llashni taklif qilgan.

Engelbart sichqonchaga patent olgan, biroq patent muddati uning ixtirosi ommaviy ravishda ishlab chiqarila boshlanishigacha tugab bo‘lgan. Biroq qahramon mukofotsiz qolib ketmagan. 1997 yilda Engelbart ixtirochilarga beriladigan  Lemelson mukofoti (500 ming dollar) va “kompyuter sohasidagi Nobel mukofoti” deb e'tirof etiluvchi Tyuring mukofotini (250 ming dollar) olgan.

Engelbart o‘z sichqonchasiga bitta tugmani joylashtirgan, biroq uning o‘zi har bir barmoq uchun bittadan tugma joylashtirishni istagan.

Inglizcha mouse (sichqoncha) so‘zining ko‘plikdagi shakli mice ko‘rinishida yoziladi. Biroq gap kompyuter sichqonchalari haqida ketganda Oksford lug‘ati mouses so‘zini qo‘llashga ruxsat beradi. 

Sichqoncha 1980-yillarda unga huquqni Apple kompaniyasi sotib olgandan keyin ommalashgan. Sichqoncha konstruksiyasi soddalashtirilib, “Makintosh” kompyuteri bilan birga ishlatila boshlangan. 

Sichqonchani ishlatish mumkin bo‘lgan ilk kompyuter 1970 yilda ishlab chiqarilgan Xerox Alto bo‘lgan. Bu kompyuter shuningdek grafik interfeysga ega bo‘lgan birinchi kompyuter hisoblanadi.

Sichqoncha kursori nega vertikal yoki gorizontal emas, balki yonboshlatib tasvirlangani sababini bilasizmi? Chunki past ko‘rsatish sifatiga ega bo‘lgan ilk monitorlarda uni shunday shaklda topish oson bo‘lgan. 

Ilk optik sichqoncha 1980 yilda paydo bo‘lgan, biroq 1999 yilda uning narxi cho‘ntakbop ko‘rinishga kelgandan keyingina keng qo‘llana boshlangan.

 

Ko‘proq yangiliklar: